O‘zbekiston: Internetda porno, zo‘ravonlik va siyosiy erkinlik bahsi

Image copyright RIA Novosti
Image caption O‘zbek tahlilchilari ijtimoiy tarmoqlarning salbiy jihatlari ko‘pligini aytishadi

O‘zbekiston televideniyesi namoyish etgan internet haqidagi ko‘rsatuvlarning so‘nggisi ijtimoiy tarmoqlarning ijobiy va salbiy jihatlariga bag‘ishlanadi.

Qatnashchilar bu kabi tarmoqlardan yetadigan tahdidlar borasida ogohlantirganlar.

"Tahdid faqat Facebook yoki boshqa ijtimoiy tarmoqdan kelmaydi" - deydi ko‘rsatuv ishtirokchilaridan yozuvchi Isajon Sulton BBC bilan suhbatda - "G‘alati, uyushgan guruhlar bor. Natsistlar saytlari turadi. Inson o‘zini qanday qilib oson o‘ldirishi mumkin, degan sahifalar bor".

Qatnashchilarga ko‘ra, turli zo‘ravonlik va nizolarga undaydigan vebsahifalar yoshlarga salbiy ta‘sir etishi mumkin.

"Facebookda qayddan o‘tayotgan kishini nazorat qilish imkoni yo‘q, u yerda butun insoniyatga qarshi odamlar to‘planib qolish mumkin emasmi?"

Bugun O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni targ‘ib etadigan telseriallar ishlash, begona madaniyat va odatlarni yoyadigan filmlaru web sahifalardan ehtiyot bo‘lish haqida ko‘p gapiriladi.

"Milliy qadriyatlarimiz bu - o‘zimiz katta bo‘layotgan muhit, ota-onaga hurmat va qo‘shnilar bilan munosabatlar. Boshqa dunyoqarashga ega kishilarning bizga begonalik masalasi ham bor", - deydi Isajon Sulton.

O‘zbekistonda juda ko‘plab siyosat, iqtisod va oddiy odamlar hayoti haqida tanqidiy maqolalar yozadigan websahifalarga to‘siq qo‘yiladi. Mamlakat bir necha bor "internet dushmanlari" ro‘yxatiga ham tushgan.

Inson huquqlari guruhlariga ko‘ra, ayniqsa, Arab dunyosidagi isyon va inqilob g‘oyalarining yoyilishida ijtimoiy tarmoqlar o‘rni kattaligi aytilishi ortidan, O‘zbekiston internet cheklovini yanada kuchaytirgan.

Biroq kuchli nazorat tarafdorlarining o‘ylashicha, bu xalqning axborotga bo‘lgan huquqini cheklashni anglatmaydi.

"O‘z uyim misolida gapiraman. Pornografiya, irqlararo notenglikni targ‘ib qiladigan va yo zo‘ravonlikka asoslangan sahifalarga to‘siq qo‘ysam, farzandlarim yakkalanib koladimi?" - deydi o‘zbek yozuvchisi.

Ko‘plab jamiyatlarda internet va ijtimoiy tarmoqlar erkin so‘z aytish imkoniyati hamdir. Ayni damda, internet ommalashgan mamlakatlarda bu kabi tarmoqlardan jinoiy guruhlar, nizo qo‘zg‘ovchi shaxslar ham foydalanayotgani haqida xavotirlar kuchli.

Bular, masalan, bolalarni pedofillardan himoya qilish, zo‘ravonlik hamda nizo chaqiriqlarini cheklash, haqoratga yo‘l qo‘ymaslik yo pornografik sahifalarning oilaviy kompyuterga kirib kelishini samarali nazorat qila olish kabi masalalardir.