Janao‘zenlik politsiya xodimlari ustidan mahkama boshlangan

Image copyright Reuters

O‘tgan yili dekabrida 16 inson o‘limiga sabab bo‘lgan Janao‘zendagi tartibsizliklar payti namoyishchilarga o‘t ochishda ayblanayotgan besh politsiya xodimi ustidan mahkama boshlangan.

Mahkama Mang‘istau viloyati markazi Aqtau shahrida boshlangan.

Xabar qilinishicha, politsiyachilarga og‘ir oqibatlarga olib kelgan xizmat vakolatlarini suiste‘mol qilish ayblovi qo‘yilgan.

Besh nafar xodim hibsda saqlanmoqda, to‘rt politsiyachiga mahkama bo‘lib o‘tgunicha "uy qamog‘i" sharoitida bo‘lish yana bir xodim yashab turgan joyini tashlab ketmaslik haqidagi tilxat asosida qo‘yib yuborilgani xabar qilingan.

Aksar ishtirokchilari 7 oydan buyon o‘z ishlariga tiklanishini talab qilgan neftchilar bo‘lgan hodisalar 16 dekabr - Qozog‘iston mustaqilligining 20 yilligi nishonlanayotgan kunda ro‘y bergan edi.

Rasmiylar tartibsizliklar ishtirokchilari mustaqillik bayrami tantanalari bo‘layotgan sahnani buzishgani, Janao‘zendagi qator binolarga o‘t qo‘yishganini aytishgan.

Jamoat tartibini saqlash maqsadida politsiyachilar g‘alayon ishtirokchilariga o‘t ochganlarini aytishgan Qozoq rasmiylari.

G‘alayonni bostirishdagi harakati uchun politsiya maqtaldi ham.

O‘sha kuni kamida 16 inson halok bo‘lgani, yuzdan ziyod inson jarohatlangani xabar qilingan.

Rasmiylarning politsiya g‘alayonni bostirish maqsadida ish tutgani haqidagi bayonotlariga qaramasdan, Youtube veb-saytida politsiyachilar qurolsiz insonlarga o‘q otayotgani aks etgan mobil telefonda videotasvir e‘lon qilingan.

Tanqidchilarga ko‘ra, mahkamaga tortilgan xodimlar o‘rta yoki past darajadagi politsiya xodimlaridir va aslida namoyishchilarga qarata o‘t ochishga buyruq bergan rahbarlarning javobgarlikka tortilishlari ehtimoli kam.

Ayni paytda Aqtau shahrida Janao‘zendagi ommaviy tartibsizliklarida ayblanayotgan 37 inson ustidan ham mahkama jarayoni davom etmoqda.

Aylanayotganlarning aksari dastlabki tergov paytida o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni tan oldirish maqsadida kaltaklanganlari va qiynoqqa tutilganlari haqida mahkama jarayonida batafsil ko‘rsatma berganlar.

Guvohlar ham ayblanuvchilarga nisbatan dastlabki tergovda bergan ko‘rsatmalaridan voz kechganlar.

Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari hamda fuqaroviy jamiyat faollari Qozog‘iston rahbariyatiga murojaat qilib mahkamani to‘xtatishni so‘raganlar va qiynoq hollarini tekshirish hamda qiynoqlar uchun mas‘ullarni javobgarlikka tortish chaqiriqlari yangradi.