Nima uchun O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lganlarning aksari Rossiyada?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image caption Rossiya qidiruvdagi shaxslarni O‘zbekistonga ekstraditsiya etgani uchun hozirga qadar Ovro‘po mahkamasiga 500 ming Yevrodan ko‘proq jarima to‘lagan

Rossiya Ichki ishlar vazirligining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash xodimlari shanba kuni Tatariston poytaxti Qozonda Interpol tomonidan qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosini hibsga olganlar.

Tatariston Ichki ishlar vazirligi qo‘lga olingan shaxs ismini oshkor etmagan, ammo uning O‘zbekistonda "og‘ir jinoyatlarni" sodir etganini bildirgan.

36 yashar O‘zbekiston fuqarosi Tataristonning Vysokogorsk rayonidagi fermer xo‘jaliklaridan birida oddiy ishchi bo‘lgan.

2010 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan mazkur shaxs O‘zbekiston huquq tartibot idoralari tomonidan "Konstitutsion tuzumga tajovuz qilish"da ayblanmoqda.

Tatariston Ichki ishlar vazirligi uni O‘zbekistonga ekstraditsiya etish masalasi hozirda muhokama etilayotganini bildirgan.

Xavfsizroq mamlakat

Rossiyadagi "Memorial" inson huquqlari tashkiloti a‘zosi Bahrom Hamroyevning BBCga aytishicha, O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan shaxslarning aksari Rossiya hududida "yashirinishga urinishadi".

"Uchinchi davlatga chiqib ketish qiyin bo‘lgani uchun, ular Rossiyada yashirinishga majbur bo‘lishadi. Bu yer ular uchun O‘zbekistondan xavfsizroq", - deydi Bahrom Hamroyev.

U qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ko‘p holatlarda "soxta hujjatlar" bilan Rossiyada kun kechirishlarini aytadi.

Bahrom Hamroyevning aytishicha, Rossiyada boshpana topgan bunday toifadagi o‘zbekistonliklarning aniq adadi ma‘lum emas, ammo ularning ko‘pchiligini "dindorlar tashkil etadi".

Huquqbon Rossiya oxirgi yillarda ekstraditsiya masalasiga ehtiyotkorroq yondashayotganini aytadi.

Huquqshunoslarga ko‘ra, qidiruvdagi shaxs agar boshpana izlovchi bo‘lsa, uni majburan vataniga qaytarilmaslik Rossiya qonunlarida belgilangan.

Biroq Rossiya huquq-tartibot idoralari ko‘p hollarda Ovro‘po inson huquqlari konventsiyalariga qarshi ham amal qilishadi.

Rossiya hozirga qadar O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan shaxslarni, inson huquqlari tashkilotlari talablariga qaramasdan, vatanlariga ekstraditsiya etgani uchun Strasburg mahkamasi tomonidan 500 ming Yevrodan ziyod jarimaga tortilgan.

Bahrom Hamroyev hozir Rossiyada bo‘lgan 100 ga yaqin o‘zbekistonlik BMTning qochqin maqomini olganini aytadi.