Saudiya Arabistoni: Usoma bin Lodin bevalari shubha ostida emaslar

Image copyright AP
Image caption Islomobod aeroportiga olib chiqilishidan oldin guruh a‘zolari o‘tirgan kichik avtobus oynalari chodir bilan to‘silgan.

Saudiya Arabistoni rasmiylariga ko‘ra, Pokistondan deportatsiya etilganlaridan keyin kelgan Usoma bin Lodin rafiqalari va farzandlari shubha ostida emaslar.

Payshanba tunida "Al-Qoida" rahbari Usoma bin Lodinning uch bevasi va xabarlarga ko‘ra 11 nafar farzandi Islomobod aeroportidan uchoqqa chiqarilgan edilar.

Saudiya podshohligi hukumati so‘zchisining "Frans Press" axborot agentligi bilan suhbatida aytishicha, ularga podshohlik insonparvarlik nuqtai-nazaridan boshpana berishga qaror qilgan.

"Saudiya Arabistoni insonparvarlik o‘ylovidan kelib chiqib ish tutdi. Ularning biror bir jinoyat yoki qonunga zid harakatlarga qo‘shilganlari haqida xabar yoki dalil yo‘q", deb aytgan Saudiya Matbuot agentligi rasmiysi.

Usoma bin Lodin Pokistonning Abbotobod harbiy shaharchasidagi villada 2011 yil 2 may kuni Amerikaning maxsus kuchlari uyushtirgan maxsus amaliyotda o‘ldirilgan, reyd ortidan bu hovlida bo‘lgan bin Lodin oilasi a‘zolari hibsga olingan edi.

Ular bir yilni Islomoboddagi qattiq qo‘riqlanadigan hovlida o‘tkazishdi.

Saudiya rasmiysining aytishicha, Islomoboddan uchgan uchoq payshanba tunida Jidda aeroportiga qo‘ngach, guruhni o‘zlarining qarindoshlari kutib olganlar.

Pokiston Ichki ishlar vazirligi xabar berishicha, bin Lodinning uch rafiqasi va bolalari "o‘zlari istagan mamlakatga ketishni" ixtiyor etganlar.

Islomobod aeroportiga olib chiqilishidan oldin guruh a‘zolari o‘tirgan kichik avtobus oynalari chodir bilan to‘silgan.

Usoma bin Lodin o‘limidan keyin uning uch bevasi va voyaga yetgan ikki farzandiga Pokiston hududiga noqonuniy kirish ayblovi qo‘yildi.

Pokiston mahkamasi ularga 45 kunlik uy qamog‘i jazosi tayinladi.

Ular uy qamog‘ini Islomoboddagi maxsus hovlida boshqa yaqinlari bilan birga yashab o‘tkazishdi.

Uy qamog‘i jazosi tugaganidan keyin bin Lodinning barcha yaqinlarini Pokistondan deportatsiya etishga qaror qilingan.

Usoma bin Lodinning ikki katta bevasi Saudiya Arabistoni fuqarolari.

Uning kenja rafiqasi Amal Abdulfattoh Yaman fuqarosi bo‘lgan, u Saudiyadan o‘z vataniga ketadi, deb ko‘rilmoqda.