Eng yirik ma‘rifiy portal sohibi Davronbek Tojialiyevga savol bering

Zamonaviy o‘zbek yozuvchilaridan biri www.ziyouz.comga "ehtimolki, o‘zbek adabiyoti uchun mustaqillik yillarida qilingan eng yirik savob ish", deb ta‘rif bergan edi.

"Ziyo istagan qalblar uchun" degan o‘ziga xos shior bilan www.ziyouz.com 2004 yilda ish boshlagan.

Ayni internet loyiha muallifi Davronbek Tojialiyev 1984 yilda Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan.

2005 yili O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini, 2007 yili O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.

2001-2010 yillarda Toshkentdagi gazeta va nashriyotlarda faoliyat yuritgan.

AQShdagi birinchi o‘zbek gazetasi - "Vatandosh"ning birinchi Bosh muharriri, hozirda bosh muharrir o‘rinbosari.

Polsha, Germaniya, Qozog‘iston davlatlarida jurnalistika sohasida malaka oshirgan.

100 ga yaqin maqola va tarjimalari matbuotda, 300 dan ortiq materiallari internetda chop etilgan.

Tashkil topganidan beri bugun sakkiz yildan ortiqroq vaqt o‘tib,www.ziyouz.como‘zbek tilidagi eng yirik ma‘rifiy portalga aylandi.

Ayni paytda www.ziyouz.com portalida 8646 ta ilmiy-ommabop, ma‘rifiy maqolalar, 1726 ta elektron kitob, o‘zbek adabiyotidan 800 ta hikoya, 280 ta hajviya, jahon adabiyotidan 220 ta hikoya, 600 dan ortiq ijodkorning faoliyatiga oid ma‘lumotlar, o‘zbek mumtoz she‘riyatidan namunalar (66 ijodkor), zamonaviy o‘zbek she‘riyati namunalari (168 ijodkor), jahon she‘riyati namunalari (206 ijodkor), 10000 dan ortiq o‘zbek maqollari, 5000 ga yaqin jahon xalqlari maqollari, 265 ta hikoyat, 30000 ga yaqin hikmatli so‘z va aforizmlar, 1500 ta topishmoq, 100 ga yaqin xalq ertaklari, O‘zbekiston haqida 900 dan ortiq fotosuratlar, 200 ga yaqin rasmli tabriknomalar o‘rin olgan.

Portalga kuniga 3500-4000 kishi tashrif buyuradi, 22000 sahifa o‘qiladi.

Davronbekka savollaringizni uzbek@bbc.co.uk adresimizga yo‘llashingiz mumkin. Ayni sahifa ostidagi maxsus forma orqali ham savollaringizni qoldirsangiz bo‘ladi.