BBC navigation

"O‘zbek chegarachilari O‘zbekiston fuqarosini urib o‘ldirishgan"

Сўнгги янгиланиш 30 апрел 2012 - 10:58 GMT

Hodisa o‘tgan payshanba kuni yuz bergani aytiladi

O‘zbek chegarachilari Qirg‘iziston bilan o‘zaro chegarada bir o‘zbek fuqarosini do‘pposlab, o‘ldirgani iddao etilmoqda.

O‘zbekistonning So‘x anklavidagi Lenburg qishlog‘i aholisi 32 yoshli Narimon ismli qishloqdoshlarining O‘zbek chegarachilari tomonidan qattiq kaltaklanishi natijasida hayotdan ko‘z yumganligini aytishmoqda. Hodisa shu payshanba kuni yuz bergan.

Uning ikki bolaning otasi bo‘lgani aytiladi va xotini uchinchi farzandiga homilador bo‘lgan.

Qishloq aholisi so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, askarlar Narimonni noqonuniy yo‘llar bilan chegaraosha turli mayda tovarlar olib o‘tayotgan odamlarga vositachilik qilib, ulardan pul olishda gumon etishgan.

Ularga ko‘ra, shundan so‘ng harbiylar Narimonni Devayron qishlog‘idagi harbiy qismga olib borishgan.

Qilmishiga iqror bo‘lishini talab qilib, kaltaklashgan va Narimon hayotdan ko‘z yumgan.

Narimonning jasadini ko‘rgan insonlar uning og‘ir tan jarohati olganligini ta‘kidlashgan.

Qishloqdoshlari Narimonning O‘zbek-Qirg‘iz chegara postiga yaqin yerdagi chorvaxonaga qorovullik qilgani, biroz aqli zaif bo‘lganini aytishadi.

Hodisani o‘rgangan mahalliy jurnalistlardan biriga ko‘ra, tezda sud-tibbiy ekspertiza tekshiruvlari o‘tkazilib, Narimonning jasadi o‘sha kunning o‘zida dafn etilgan.

Toshbo‘ron

Hududdan olingan xabarlardan ayon bo‘lishicha, yuz bergan hodisadan g‘azabga kelgan Lenburg qishlog‘i aholisi chegara postiga hujum qilib, chegarachilarni toshbo‘ron qilishgan.

Ular javobgarlarni topib jazolashni talab etishgan va aks-holda o‘z amallarini davom etdirishlari bilan ogohlantirishgan.

Xabarlarga ko‘ra, qishloq tuman markaziga yaqin bo‘lgani uchun, mahalliy mas‘ullar hududga kelib, odamlarga maslahat berib, vaziyatni tinchitishgan.

Mahalliy jurnalistlardan birining qishloq aholisi so‘zlariga tayanib aytishicha, ular javobgar shaxsni o‘zlari bilan birga olib ketishgan.

Jurnalistga ko‘ra, yuz bergan hodisa yuzdan jinoiy ish ochilgan va hozir tergov ishlari olib borilmoqda.

Hozir hududda vaziyat tinch, chegara va yo‘llar ochiq, mahalliy aholi kundalik yumushi bilan band ekani aytiladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.