BBC navigation

"Dilmurod Sayyid qamoqxonada oddiy harakatlanganda ham yugurib yurishga majbur"

Сўнгги янгиланиш 1 май 2012 - 15:26 GMT

Dilmurod Sayyid 50 yoshini qamoqxonada qarshiladi.

O‘zining 50 yoshini tutqunlikda nishonlagan taniqli jurnalist va inson haqlari faoli Dilmurod Sayyidni Navoiydagi qamoqxonada borib ko‘rgan yaqinlari uning qamoqxonada saqlanish sharoitidan xavotir bildirganlar.

29 aprel kuni Dilmurod Sayyid 50 yoshga to‘ldi.

Uning ahvolini ko‘rib qattiq tashvishlanganlarini aytgan yaqinlari mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilganlar.

"Dilmurod Sayyid oldingidan ancha ozgan, qattiq toliqishi sezilib turibdi. Ayniqsa, keyingi bir yarim oy davomida qonunga zid uzluksiz talablar asabini ancha toliqtirganligii aytdi", deyishgan jurnalistning yaqinlari.

Murojaatda aytilishicha, Dilmurod Sayyid saqlanayotgan jazoni ijro etish muassasasi xodimlari har kuni uni bir necha marta harbiycha yurish(stroyevoy shag)ga majbur qilmoqdalar.

U bir joydan ikkinchi joyga borguncha emas, oddiy qadam tashlab emas, yugurib borish talab qilinmoqda, deyishgan qarindoshlari.

Mas‘ul idoralarga yozilgan murojaatda, bunday muomalaning "avvalo, Saidov Dilmurodga nisbatan "ruhiy va jismoniy qiynoq", "sog‘ligi uchun xavfli holatlar", deb bilamiz", deyiladi.

"Bunday g‘ayriinsoniy va g‘ayriqonuniy munosabatlarga mas‘ullar(GUIN, prokuratura, JIEM rahbarlari) e‘tibor qaratishlari shart", deb yozganlar Dilmurod Sayyid yaqinlari o‘z murojaatlarida.

Bir necha kun oldin AQSh Davlat departamenti Jahon Matbuot erkinligi kuni arafasida O‘zbekiston qamoqxonasida saqlanayotgan Dilmurod Sayyidning ahvoliga e‘tibor qaratgandi.

"Biz O‘zbekiston hukumatini Dilmurod Sayyidni ozod qilishga, u hibsda saqlab turilgan paytida zudlik bilan tegishli tibbiy muolaja bilan ta‘minlashga hamda O‘zbekistondagi mustaqil jurnalistlar biror bir qo‘rquv yoki ta‘qibsiz faoliyat yuritishlari uchun siyosiy fazoni yaratish choralarini ko‘rishga chaqiramiz", degan AQSh Davlat departamenti.

Dilmurod Sayyid o‘zining tanqidiy maqolalari bilan tanilgan.

2005 yil noyabrida "Advokat" ro‘znomasida Dilmurod Sayyidning "Yo‘q haqida badiha"si nashr etilgan, gazetaning maqola e‘lon qilingan soni do‘konlardan yig‘ib olingan, ko‘p o‘tmay "Advokat" ro‘znomasi yopilgan.

бу ерга босинг Dilmurod Sayyidning "Yo‘q haqida badiha"si

Jurnalist fermerlarning huquqlari mahalliy amaldorlar tomonidan poymol etilayotgani haqida maqolalar yozgan, uning maqolalari qator mustaqil va muxolifat veb-saytlarida e‘lon qilingan.

Dilmurod Sayyid O‘zbekistondagi "Ezgulik" inson huquqlarini himoya qilish jamiyatining a‘zosi bo‘lgan.

Dilmurod Sayyidga 2009 yil fevralida qo‘yilgan ta‘magirlik va poraxo‘rlik ayblovlari va mahkama keng miqyosda soxtalashtirilgan deb ko‘riladi.

Samarqanddagi mahkama jurnalistni ta‘magirlik, katta miqdorda pora talab qilishda aybdor deb topib 12,5 yillik qamoq jazosiga hukm etgan edi.

Ozodlikdan mahrum etilishi ortidan jurnalist silga chalingan, hozir Dilmurod Sayyidning og‘irligi 58 kilogrammdan ham kamayib ketgani xabar qilingan.

2009 yil noyabrida janob Sayyid bilan ko‘rishish uchun borayotgan rafiqasi va olti yoshli qizi avtomobil halokatida olamdan o‘tganlar.

O‘tgan yili Dilmurod Sayyidning onasi Hamdi Tolipova BMT Bosh kotibi Pan Gi Munga murojaat bilan chiqqan.

Internet orqali tarqatilgan murojaatida Hamdi Tolipova o‘g‘liga qarshi jinoyat ishini xalqaro matbuot hamda BMT kuzatuvchisi ishtirokida qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.