OI: "Yo Timoshenko yo Ovro‘po chempionati..."

Image copyright Liga.net
Image caption Timoshenko xonimning badanida zarb izlari

Ukraina muxolifati rahbari Yuliya Timoshenkoga qamoqxonada yomon munosabat ko‘rsatilayotganiga oid xavotirlar sabab bir necha Ovro‘po rahbarlari bu mamlakatga rejalangan safarlarini bekor qilishgan.

Ovro‘po Komissiyasi raisi Xose Manuel Barroso va Adliya masalalari mulozimi Vivian Reding 2012 yil Ovro‘po chempionati o‘yinlarini boyqot qilishadigan.

Olmoniya kansleri Angela Merkel ham shunday qaror berishi ehtimoldan xoli emas.

Merkel xonimning voiziga ko‘ra, Ukrainaga safar Timoshenko xonimning taqdiri bilan bog‘liq bo‘ladi.

Ovro‘po Ittifoqi davlatlarining besh nafar prezidenti kelasi oy Yaltada kechishi rejalangan sammitta qatnashishdan bosh tortmoqdalar.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi voiziga ko‘ra, Avstriya, Chexiya, Olmoniya, Italiya va Sloveniya rahbarlari Yaltada o‘tishi rejalangan Markaziy va Sharqiy Ovro‘po davlatlari oliymaqom uchrashuvlariga qatnashmasliklarini bildirishgan.

"Biz buni avvaldan e‘lon qilmoqdamiz, bundan katta narsa yasash shart emas. Ayni amal ortida diplomatik norozilik yo‘q", deb aytgan Oleg Volosin.

Timoshenko kaltaklandimi?

Image copyright Reuters
Image caption Yuliya Timoshenko Ukraina muxolifatining eng qudratli rahbarlarida sanaladi

Avvalroq Olmoniya Atrof-muhitni himoya qilish vaziri o‘z mamlakati rahbariyati Euro 2012 futbol o‘yinlaridan chetda turishi kerak deb aytdi.

Timoshenko xonim xabarlarga ko‘ra, hozirda ochlik e‘lon qilgan va uning salomatligi juda yomon ahvolda ekani aytiladi.

Juma kuni paydo bo‘lgan suratlarda Timoshenko tanasida zarblar izi aks etgan.

Timoshenko xonimning aytishicha, unga qamoqxona nozirlari qo‘pol munosabat qilganlar.

Yuliya Timoshenko hozir Uknainaning Xarьkov shahridagi qamoqxonada saqlanmoqda.

Ukraina prokuroturasi mulozimi Vadim Goran esa bu ayblovlarni qat‘iyan rad etgan.

Bu suratlar oshkor bo‘lganidan keyin Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi Ukrainaning mamlakatdagi elchisini huzuriga chorlab, tushuntirish berishni talab qilgan.

Timoshenko xonim sobiq Bosh vazir va Ukraina prezidenti Viktor Yanukovichning asosiy raqibidir.

U o‘z vakolatlarini suiste‘mol qilish ayblari bilan yetti yil qamoq jazosiga hukm qilingan va yana soliqdan bo‘yin tovlash da‘vosi bo‘yicha mahkama ishini kutmoqda.

Yangi mahkama ishi May oyi oxiriga qadar qoldirilgan.

U Viktor Yanukovichni o‘zidan siyosiy qasos olishda ayblab keladi.

Salomatligidan arz qilar ekan, mulozimlar Timoshenko xonimni xorijda davolanish so‘rovlarini rad etishgan.

Unga umurtqa pog‘onasi bilan bog‘liq kasallik tashxisi qo‘yilgan.

"Sovuq urush"chasiga boyqotmi?

Image copyright AFP
Image caption Euro2012 Ovro‘po rahbarlari tomonidan boyqot qilinishi mumkin

Olmoniyaning Sotsial demokrat muxolifat rahbari Sigmar Gabriel ham Ukrainada kechadigan Ovro‘po chempionatini boyqot qilishga chaqirmoqda.

Ovro‘po Ittifoqi mulozimi Vivian Reding ham ochilish marosimini boyqot qilajagini aytgan.

"Inson huquqlariga hatto bu kabi ulkan sport tantanasida ham ko‘z yumib bo‘lmaydi", deb aytgan u.

Ukraina tashqi ishlar vazirligi esa Olmoniyaning boyqot haqidagi da‘volari matbuot uchun “uydirma” ekaniga umid qilishini aytmoqda.

"Biz Olmoniya rahbariyati Sovuq Urush davri usullarini qayta tiriltirib qo‘llashga qodir deb o‘ylashni istamaymiz", deb aytgan vazirlik voizi Oleg Voloshin.