O‘zbekiston sim to‘rlar ichida qolgan mamlakatga aylanadimi?

Image caption Yaqinda O‘zbekistonning qo‘shnilari bilan simto‘r tortilmagan chegarasi qolmaydimi?

Qozog‘iston bu yil O‘zbekiston bilan o‘rtadagi ikki yarim ming kilometrlik chegarani sim to‘r bilan o‘rab chiqadi.

Bu haqda bildirgan Qozoq chegara xizmatiga ko‘ra, Yettisoydan boshlanib, to Kaspiyga qadar tiklanadigan simto‘rlar Qozog‘istonning janubiy qo‘shnilari - O‘zbekiston va Turkmaniston bilan o‘rtadagi qariyb barcha sarhadlarini qamrab oladi.

Qozog‘iston Milliy Xavfsizlik qo‘mitasining Chegara xizmati direktori Nurjan Mirzaliyev bu yangilikni Olma-Ota shahrida uch kun davomida bo‘lib o‘tgan MDH chegara xizmatlari rahbarlarining majlisi payti aytgan.

Aprel oyining so‘nggi haftasida Qozog‘istonda yig‘ilgan chegara xizmatlari rahbarlari bir necha muhim masalalarni muhokama qilganlari haqida xabar qilingan.

Bu masalalar narkobiznes, giyohvand moddalarni noqonuniy olib o‘tish, nolegal migrantlar, odam savdosi va terrorizmga qarshi kurash choralarini ko‘zda tutgan.

Shundan keyin qator hujjatlar imzolangani aytilgan, o‘sha hujjatlar orasida Qozog‘istonning O‘zbek va Turkman chegaralarini mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar ham borligi xabar qilingan.

Qozog‘iston nega O‘zbekiston va Turkmaniston bilan chegaralariga sim to‘r tortishga qaror qilgani sababi Qozog‘istonning o‘z janubiy chegaralarini mustahkamlash maqsadidagi choralar deb tushuntirilayapti.

Qozoq chegara xizmati rahbari Nurjan Mirzaliyev so‘zlariga ko‘ra, muhandislik inshootlari tizimini O‘zbekistonning Toshkentga yaqin Yettisoy tumani hududlaridan boshlab to Kaspiy dengizi sohillarigacha barpo etishni 2012 yil oxirigacha bitkazish rejalangan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, o‘tgan yili toqqa chiqmoqchi bo‘lgan chimkentlik alpinistlarning adashib qolganlaridan keyin O‘zbek chegarachilari ushlab, davlat chegarasini buzishda ayblab qamab qo‘yishgani, shu yil boshida go‘yo O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston tarafidan uchib borgan uchuvchisiz boshqariladigan uchoq bilan bog‘liq mojaro Qozog‘iston tomonining ushbu qarorni qabul qilishiga turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Shu paytgacha O‘zbekistonning Navoiy, Xorazm va Qoraqalpog‘istoniga tutash Qozog‘iston chegaralari ulkan cho‘l hududlari bo‘lgani uchungina Sho‘ro davridagidek chegara inshootlari qurilmay qolib kelayotgan edi.

Afg‘oniston bilan chegara hali SSSR davrida o‘tib bo‘lmas sharoitga keltirilgan, 1999-, 2000-yillardagi islomiy jangarilarning O‘zbekistonga o‘tishga urinishi oldini olish deb tushuntirilib, O‘zbekistonning Tojikistonga tutash tog‘li hududlari minalashtirilgan.

2005 yildan keyin Farg‘ona vodiysidagi Qirg‘iziston chegaralariga chuqur xandaqlar qazilgan.

O‘zbekiston bir tomonlama Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Qozog‘istonga chegaradosh joylaridagi aholi uylarini buzib, chegara inshootlarini qurishni bir necha yil oldin boshlagan.

Turkmaniston esa bundan 10 yillar oldin O‘zbekiston bilan munosabatlari sovuqlashganidan keyin chegaralarini mustahkamlashga qaror qilgan edi.