Kutilmagan mehmon - Usoma Bin Lodin

Image copyright AFP

2010 yilning yoz oylarida Pokistonning Vaziriston mintaqasidagi bir oila a‘zolari kim ekanligi noma‘lum bo‘lgan mehmonni kutib olish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda edilar.

"Oliy martabali mehmon" kelishi haqida ularga bir necha hafta avval aytilgandi, lekin bu mehmon aynan kim bo‘lishi ma‘lum qilinmagan, mehmonning yetib kelishi haqida esa atigi bir necha soat avval xabar berilgan.

Kech saot 11 larda yon atrofda deyarli hamma uyquga ketgan vaqti yaqinlashib kelayotgan mashinalar ovozi eshitildi.

"O‘nga yaqin jiplar turli tomondan uyimiz tomon kela boshladi", deydi mezbon oila a‘zolaridan biri.

Ayvonga yaqin kelib to‘xtagan jiplarning orqa o‘rindig‘idan bo‘yi uzun, lekin ozg‘indan kelgan, salla o‘ragan, rido‘ kiygan shaxs chiqib keldi.

Mezbonlar ko‘zlariga ishonmay qoldilar. Ularning ko‘z o‘ngida naq Usoma Bin Lodinning o‘zi turgandi...

"Turgan joyimizda qotib qoldik. Bin Lodin biz mehmonga kelishini kutgan oxirgi kishimiz edi", deydi boshdan kechirganlari haqida so‘zlab bergan oila oqsoqollaridan biri.

"Bin Lodin yon-atrofdagilar bilan qo‘l berib ko‘rishgandan so‘ng menga yaqinlashdi. Men uning qo‘lini o‘pib, ko‘zimga surtdim".

Shundan so‘ng Bin Lodin yonidagi yordamchisining yelkasiga qo‘lini qo‘yib, joy tayyorlangan mehmonxonaga kiradi. U bilan birga faqatgina yana ikki kishi yaqinlaridan xonaga kirishdi.

Bu mehmondorchilik Usoma Bin Lodin AQSh maxsus xizmatlari tomonidan o‘ldirilishidan naq bir yil avval ro‘y bergandi.

Image copyright BBC World Service
Image caption Usoma Bin Lodin deyarli 10 yil tutqich bermay, yashirinib yurishga muvaffaq bo‘lgandi.

Uning o‘limidan dahshatga tushgan mezbonlardan biri o‘sha tungi voqealar haqida yaqin do‘stiga aytib berganidan so‘ng hozirda bu haqda ommaga ma‘lum bo‘ldi.

Men o‘sha kungi mezbonlardan bo‘lgan ikki shaxs bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldim, lekin ularning ikkisi ham shaxslarini ma‘lum qilmaslikni so‘rashdi.

Ularning aytishlaricha, Bin Lodin uylarida uch soatga yaqin mehmon bo‘lgan. Namoz o‘qib, dam olib, guruch va qo‘y go‘shtidan tayyorlangan taomlarni tanovvul qilgan.

Mehmondorchilik vaqtida hech kimning uydan chiqishi yoda kirib kelishiga ruxsat berilmagan. Qurollangan shaxslar tomda va eshiklar yonida qo‘riqchilik qilishgan.

Uy egasining 85 yoshli otasi "oliy martabali mehmon" kim ekanligini bilib qolganidan so‘ng u bilan uchrashish xohishini izhor qilgan vaqti yon -atrofdagilar dastlab nima qilishlarini bilmay qolganlar.

"Bu mening o‘limim oldidan xohishim", deya yolborganidan so‘ng Bin Lodinga borib aytishgan. U otaxon bilan ko‘rishishga rozi bo‘ladi.

Otasini Bin Lodin yoniga yetaklab borgan o‘g‘ilga to‘rt qo‘riqchi hamroh bo‘lishdi.

Image caption Bin Lodin Abbatobod shahridagi villardan birida yashab yurgani ma‘lum bo‘lganidan so‘ng maxsus amaliyot chog‘ida 2011 yil 1 may kuni o‘ldirildi.

Otaxon 10 daqiqacha Bin Lodin bilan suhbatlashib, unga hurmat va ehtiromini izhor etib, duo qildi. Bin Lodin tushunmasa ham pashtu tilida o‘zicha maslahatlar bergandek bo‘ldi...

Bularni eslar ekan Bin Lodinga mezbonlik qilgan shaxs o‘z xotiralaridan zavqlanib jilmayib qo‘yadi.

Mehmondorchilik tugaganidan so‘ng mehmonlar qanday kelgan bo‘lsalar, shu yo‘lda har tomonga o‘z jiplarida yo‘lga tushdilar.

Bu jiplardan qaysi biriga Bin Lodin tushib, aynan qay tomonga yo‘l olganligini aytish qiyin edi.

Usoma Bin Lodinning qayerlarga borishini kim rejalagan, uning bu kabi mehmondorchilikka borishidan maqsad nima edi va hammadan ham muhimi, u ne qadar tez-tez bu kabi safaralarga chiqib turgani haqidagi savollarga esa hech kim javob topa olmasa kerak.