Uyingiz tomida ballistik raketa o‘rnatishsa, nima qilasiz?

Image copyright PA
Image caption Britaniya Mudofaa vazirligi raketadan mudofaa tizimini shundoqqina odamlar uylarining tomlariga joylashtirmoqchi

Britaniya Mudofaa vazirligining ogohlantirishicha, London Yozgi Olimpiada O‘yinlari chog‘ida odamlarning uylari tomlariga "Er-havo" rusumidagi raketalar o‘rnatilishi mumkin.

O‘yinlar shu yilning 23 iyul kuni ochiladi.

Ayon bo‘lishicha, Olimpiada O‘yinlari bo‘lib o‘tajak sharqiy London aholisiga bu xususda maxsus maktub ham yo‘llangan.

Maktubda yozilishicha, lozim paytda raketadan mudofaa tizimini ishga sola bilishlari uchun odamlarning uylariga harbiylar ham joylashtiriladi.

Mas‘ullarning ishontirishlaricha, ular yaxshi tayyorgarlikdan o‘tgan, tizim bilan ishlash o‘quviga ega askarlar bo‘lishadi.

Raketadan mudofaa tizimi esa, mamlakat rahbarining buyrug‘i bilan va jiddiy xavf tug‘ilgan paytdagina ishga solinadi.

Maktub mazmunidan ayon bo‘lishicha, aholi turar-joy mavze‘larida harbiylar uzukkun va haftaning har kuni hozir bo‘lishadi.

Britaniya Mudofaa vazirligi London janubi-sharqida "Er-havo" rusumidagi raketalarni joylashtirish rejasi ustida ham bosh qotirmoqda.

Mas‘ullarga ko‘ra, bu ikki hafta davom etuvchi o‘yinlar chog‘ida aholining xavfsizligini oliy darajada ta‘minlaydi va ularni ehtimoliy terrorchilik hujumlaridan himoya etadi.

Xavfsizlik choralari

Kamida 700 kishi yashaydigan bir uy sohiblariga esa, raketadan mudofaa tizimi shundoqqina yonginalarida joylashgan bug‘ minorasiga o‘rnatilishi aytilgan.

Vazirlik vakilining bildirishicha, tizimlarni qayerda o‘rnatish borasida halicha yakuniy qaror berilmagan.

Ammo, ayon bo‘lishicha, shu kunlarda London sharqidagi mahallalarda harbiylar ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlari ham boshlanadi.

2 maydan 10 maygacha bo‘lib o‘tishi rejalanayotgan keng miqyosli mashg‘ulotlar chog‘ida politsiya va harbiylarning hamohanglikda o‘yinlar xavfsizligini ta‘minlashga qanchalik qodir ekanliklari sinab ko‘riladi.

Agar britan hukumati raketadan mudofaa tizimidan foydalanishga qaror qilsa, harbiylar odamlarning uylariga o‘ziyam ikki oyga joylashtirilishlari mumkin.

Vazirlikdan maktub olgan jurnalist Brayan Uilanning aytishicha, uning uyida kuniga 24 soat 10 nafar harbiy va askar hozir turisharkan.