Xitoylik dissident Chen mamlakatda qolmoqchi emas

Image copyright Reuters
Image caption Chen Guanchen Xitoyda o‘zi va oilasi uchun katta xavf borligini aytgan

Pekindagi Amerika elchixonasida uy qamog‘idan qochib yashiringan ko‘zi ojiz dissident Chen Guanchen elchixonani tark etganidan so‘ng bundan buyon Xitoyda qolishi hayotiga xavf solishi mumkinligini aytgan.

Bu murojaat AQSh davlat kotibi Xillari Klintonning Xitoyga safari paytida yangragan.

Chenning ta‘kidlashicha, Amerika elchixonasini tark etishiga Xitoy maxsus xizmati tomonidan uning oila a‘zolariga qilingan tahdidlar sabab bo‘lgan.

Biroq Amerika diplomatlari bunday tahdidlar haqida ma‘lumotga ega emasliklarini, 40 yoshli dissident elchixonada bo‘lgan muddat davomida siyosiy boshpana so‘ramaganligini bildirishgan.

Tijorat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha Xitoy rasmiylari bilan uchrashgan Xillari Klinton o‘z chiqishlarida Chen haqida to‘xtalmagan bo‘lsada, mamlakat hukumati o‘z fuqarolarining huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerakligi haqida gapirgan.

Pekindagi BBC muxbiri Martin Peyshensga ko‘ra, yopiq eshiklar ortida Chen mavzusi ko‘tarilgan bo‘lishi mumkin.

Ilgari Klinton xonim mahkama qarorisiz keyingi ikki yilda uy qamog‘ida qolgan xitoylik dissidentni yoqlab chiqish qilgan edi.

Xitoy diplomatlari buni Xitoy ichki ishlariga aralashish deya baholashgan.

"Amerika ommani o‘zining turli xabarlari bilan chalg‘itishdan to‘xtatishi lozim",- deb aytgan Xitoy Tashqi Ishlar Vazirligi rasmiysi Lyu Veymin.

Xitoylik dissident Chen Amerika elchixonasida qariiyb bir hafta mobaynida yashiringan.

Pekindan yuzlab kilometrlik masofada joylashgan Shandun viloyatidagi qishlog‘idan o‘ziga sodiq odamlar ko‘magida qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Uni qochirilishiga aloqador bir nechta odamlar qamoqqa olingan yoki daraksiz ketgan.

Chorshanba kuni Amerika elchixonasini tark etgan faol turli ommaviy axborot vositalariga o‘zini xavfsiz his qilmayotganini aytgan.

"Prezident Obamaga murojaat qilmoqchiman: iltimos, meni va oilamni bu yerdan chiqib ketishimizga yordam bering",- deb aytgan dissident CNN agentligiga.

Ayni paytda Amerika Davlat departamentining matbuot kotibi Mark Toner elchixona xizmatchilarini himoya qilib chiqqan.

"AQShning hech bir rasmiy vakili Chenga uning xotini va bolalariga nisbatan jismoniy va yuridik tahdidlar borligi haqida gapirmagan.

Xitoy rasmiylari ham bunday tahdidlar haqida bizga bildirishmagan",- deb aytgan janob Toner.

Bolaligidan ojiz bo‘lgan Chen Xitoyda ayollarni sterilizatsiya qilish va Shandun viloyatida amalga oshirilgan xavfli muddatlardagi majburiy abortlarga qarshi olib borgan kompaniyasi bilan tanilgan.

Hukumat shunday yo‘l orqali aholi zich shaharlarda har bir oilada bittadan ortiq bola bo‘lishiga to‘sqinlik qilishga urinishi aytiladi.