Dog‘iston poytaxtida yuz bergan 2 portlashda o‘ndan ziyod odam halok bo‘ldi

Image copyright AFP
Image caption Portlash gaz quvuriga shikast yetkazishi natijasida 40 dan ko‘proq avtomashina yonib ketgan

Dog‘iston poytaxti Maxachkalada payshanbadan jumaga o‘tar kechasi 20 minut oralig‘ida yuz bergan ikki portlashda kamida 13 inson halok bo‘ldi, 90 dan ziyod odam yaralandi.

Qurbonlar orasida Favqulodda vaziyatlar vazirligining uch xodimi, 7 politsiyachi va bir harbiy bor, deya xabar berdi hukumatdagi bir manba.

Rossiyaning Dog‘iston bo‘yicha tergov qo‘mitasi portlashlarni "terrorchilik amali" deya baholadi.

Birinchi portlash mahalliy vaqt bilan 22:20da, Maxachkala shimoliga kiraverishda politsiya xodimlari "Lada-Priora" avtomobilini to‘xtatgan paytda yuz bergan.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, mashina haydovchisi portlovchi moslamani ishga solgan.

Oradan taxminan 20 minut o‘tib, hodisa joyiga qutqaruvchilar va o‘t o‘chiruvchilar kelgan payti, mahalga yaqin joyga tashlab ketilgan yana bir avtomashina portlagan.

Portlash to‘lqini voqea joyidan o‘tgan gaz quvuriga shikast yetkazgan va natijada 40 dan ziyod avtomobil yonib ketgan, deyiladi xabarlarda.

"Kavkaz-tsentr" islomiy web sahifasi hodisani "shahid hujumi" deb atadi.

Uning ta‘kidlashicha, portlash natijasida politsiya nazorat posti butunlay yo‘q etilgan.

Notinch mintaqa

Rossiya janubida joylashgan Dog‘iston Respublikasi oxirgi yillarda islomiy isyonchi guruhlarga qarshi asosiy kurash o‘choqlaridan biriga aylandi.

U yerdan deyarali har oyda bir huquq tartibot idoralari va isyonchilar o‘rtasida qonli to‘qnashuv yuz bergani haqida xabarlar keladi.

Hujumlar ko‘p hollarda huquq tartibot idoralari xodimlariga qarshi qaratilgan bo‘ladi.

Aprel oyi boshida Sergokalin rayonining Kadirkent qishlog‘ida politsiya va isyonchilar o‘rtasida yuz bergan otishmada 7 inson halok bo‘lgandi.

6-martda esa xudkush hujumchi ayol Karabudaxkent qishlog‘idagi politsiya nazorat posti hududiga kirib o‘zini portlatib yuborishi natijasida Ichki ishlar vazirligining kamida 10 nafar xodimi qurbon bo‘lgandi.

Fevral oyi o‘rtalarida kuch ishlatish tizimlari Dog‘iston va Checheniston chegarasida bir guruh islomiy jangarilarni o‘rab oldilar: bir haftacha davom etgan janglarda huquq tartibot idoralarining 13 xodimi halok bo‘lgandi.