Frantsiyada prezident saylovining oxirgi bosqichi boshlandi

Image copyright AFP
Image caption Ikkinchi bosqichda saylovchilarning naqadar faol ovoz berishi saylov natijasini hal qiladi

Frantsiya prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida ovoz berish boshlangan. Bu saylovlarda 1988 yildan beri birinchi marta sotsialist nomzod g‘olib chiqishi mumkin.

Saylovlarning birinchi bosqichida sotsialist Fransua Olland 28.6% ovoz bilan g‘alaba qozongandi. Iqtidordagi prezident Nikola Sarkozi 26.2% ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egallagandi.

Saylovoldi kampaniyada o‘sib borayotgan ishsizlik darajasi va yevro hududidagi inqiroz ustunlik qilgan.

Janob Sarkozi retsessiyaning oldini olib qolganini aytib, "mustahkam Frantsiya"ni saqlab qolish yo‘lida kurashishni va‘da qilgan.

Lekin, janob Olland mamlakat "jiddiy inqiroz" qa‘riga botganini aytib, o‘zgarishlar zarurati haqida gapirgan.

Frantsiya va Korsika oroli bo‘ylab saylov uchastkalari soat 08:00dan 18:00gacha ochiq bo‘ladi. Katta shaharlarda esa ovoz berish qutilari yana ikki soatga ochiq qoladi.

Chorshanba kuni ikki nomzod o‘rtasida bo‘lib o‘tgan teledebatni 17.9 million odam ko‘rgan.

Saylovda g‘olib chiqishi kutilayotgan janob Olland ovoz beruvchilarning naqadar faol ishtirok etishi saylovlar natijasiga ta‘sir qilishi mumkinligini aytgan.

Janob Sarkozi esa avval hech qanday saylovning natijasini bashorat qilish bu qadar qiyin bo‘lmaganini bildirdi.

Qo‘shimcha ovozlar uchun kurash

Ikkinchi bosqich yaqinlashib kelar ekan, ikki nomzod ham birinchi bosqichda o‘ta o‘ng qanot Marin Le Pen va markazchi Fransua Bayruga ovoz bergan saylovchilarni o‘zlariga og‘dirishga urinishdi.

Saylovchilarning 6.4 million ovozini olishga muvaffaq bo‘lgan Le Pen xonim ikkinchi bosqichda bo‘sh qog‘ozni qutiga tashlashini bildirgan, lekin o‘z tarafdorlarini "vijdonlariga binoan ovoz berish"ga chaqirgan.

22 aprelda bo‘lib o‘tgan ilk bosqichda deyarli 9% ovozlarni yig‘a olgan janob Bayru esa ikkinchi bosqichda janob Ollandga dastak berishini aytdi.

Sotsialist nomzodga 11% ovozni olishga muvaffaq bo‘lgan o‘ta chap qanot Jan-Luk Melanshon ham o‘z dastagini izhor qildi.

2007 yildan beri prezidentlik vazifasini bajarib kelayotgan Sarkozi Frantsiyaning yirik byudjet defitsitini kamaytirishni va soliq to‘lamaslik niyatida mamlakatni tark etayotgan frantsiyaliklarga soliq solishini aytgan.

Janob Olland, o‘z navbatida, yirik korporatsiyalar va yiliga 1 million yevrodan ko‘p pul topadigan fuqarolarga solinadigan soliq darajasini oshirishni va‘da qilgan.

U, shuningdek, eng kam maoshni oshirish, 60 ming qo‘shimcha o‘qituvchilarni yollash va nafaqa yoshini ba‘zi ishchilar uchun 62dan 60ga tushirishini aytgan.

Agar saylansa, janob Olland 1981 va 1995 yillar orasida ikki muddat prezidentlik vazifasini bajargan Fransua Mitterandan beri ilk chap qanot prezident bo‘ladi.

Prezidentlik saylovlaridan ortidan Frantsiyada iyun oyida parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi.