Putin uchinchi bor prezidentlik qasamyodini keltirdi

Image copyright AFP

Rossiyaning joriy Bosh vaziri Vladimir Putin rasman qasamyod keltirib, uchinchi bor prezidentlik vakolatining ijrosiga kirishdi.

Janob Putin shu yil mart oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqqandi.

Vladimir Putinning yana prezidentlik kursisiga qaytishi tahlilchilar tomonidan turlicha qarshi olinmoqda.

Ayrimlari Rossiyani yana 12 yil avtoritarizm kutayotganini bashorat qilsa, boshqasi bu galgi prezidentligi janob Putin uchun oson kechmaydi, degan fikrda.

Britaniya sobiq Tashqi ishlar vaziri Malkolm Rifkindga ko‘ra, bugungi Rossiya bundan 12 yil burun janob Putin ilk bor prezidentlikka kelgan Boris Yelьtsin davridagisidan mutlaq farq qiladi.

Sobiq vazir, o‘z o‘rnida, e‘tiborini Dmitriy Medvedev prezidentligi davrida Rossiyada odamlarni islohotlar va yangilanishlarga undagan intellektual muhitning paydo bo‘lganiga qaratadi.

Unga ko‘ra, legitimligini saqlab qolish uchun Vladimir Putin bu gal rossiyaliklarga barqarorlikda ko‘ra ko‘proq narsa taklif eta olishi lozim bo‘ladi.

"Agar Putin odamlarning umidlarini oqlay olmasa, bu – jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin", deydi janob Rifkind.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya iqtisodiy jihatdan dunyoning daromadi o‘rtacha bo‘lgan qator davlatlari to‘qnash kelgan holat - haqiqiy demokratiya uchun kurash bosqichiga yetgan.

Inqiloblar xavotiri

London universiteti professori Orlando Fayjesning aytishicha esa, Vladimir Putin boshchiligidagi yangi Rossiya hukumatini bu gal ham "norinj inqiloblari" ehtimoli cho‘chitmay qo‘ymaydi.

"Shu sababdan ham, mamlakat muxolifatining ko‘zga ko‘ringan vakillariga nisbatan anchayin shafqatsiz tazyiqlarni kutish mumkin", deydi u.

Tahlilchiga ko‘ra, Rossiya muxolifati soni va qanchalar uyushganligi jihatdan janob Putinning siyosiy xohish-irodasiga qarshi kuchli da‘vat bilan chiqishga qodir emas.

"Lekin Rossiya ziyoli qatlami orasida ortiq bunday davom etishi mumkin emas, degan kayfiyat kuchaygan. Bu insonlar psixologiyasida yuz bergan muhim o‘zgarish", deydi u.

G‘arblik qator tahlilchilar buni janob Putinning o‘zi ham yaxshi anglab turibdi, degan fikrda.

Ularning aytishlaricha, Vladimir Putin Bosh vazirligi ostida Rossiyada korruptsiya va amaldorlarning daxlsizligi keng quloch yoygan.

Rossiyada shakllangan yangi avlod esa, erkin matbuot, yanada shaffof siyosiy tizim va o‘zlarini aldab, qo‘rqitib kelayotgan hukumat vakillariga nisbatan qat‘iyroq jazo ko‘rilishini istaydi.

Tahlilchilarga ko‘ra, agar Rossiyada xalq kutgan islohotlar amalga oshmaydigan bo‘lsa, bu inqiloblarga ham yetaklashi mumkin.

"Millionlar marshi"ning kecha Moskva markazida hibsga olingan olti yuzdan ortiq ishtirokchilari tunni turli politsiya idoralarida o‘tkazishgan.