Qizingizni erta uzatmang, mahkamaga tortilasiz

Tojikistonda balog‘atga yetmagan qizlarini turmushga berishga uringan olti ota-ona ustidan mahkama jarayoni boshlangan.

Mahalliy faollar ma‘muriy va jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilsa-da, O‘zbekistonda ham bu kabi an‘ana kuchayib borayotganini aytishadi.

Tojikistondan olingan xabarlarda aytilishicha, mahkamaga tortilayotgan ota-onalarning aybdor ekanliklari tasdiqlansa, ular besh yillik qamoq jazosiga yuz tutishlari mumkin.

Mahkama jarayoni kechayotgan janubiy Xatlon mas‘ullariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda viloyatda qizlarni erta turmushga uzatish hollari xavotirli darajada ortgan.

Tojikiston qonunchiligiga muvofiq, nikoh yoshi mamlakatda rasman 18 qilib belgilangan.

Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, Xatlon viloyatida nikoh qurgan oilalarning qariyb yarmi ajralib ketgan.

Mas‘ullar esa, buning sababini aynan erta nikohlar bilan bog‘lashadi.

Ularga ko‘ra, yangi ish boshlagan mahkama jarayoni qizini yosh erga berish xayolida yurgan qolgan ota-onalarga saboq bo‘lishi lozim.

Mamlakat diniy ulamolari ham mas‘ullar tomonidan ko‘rilayotgan mazkur chora-tadbirlarni qo‘llashlarini bildirishgan.

Tojikistondagi aksariyat bu kabi an‘ananing chuqur ildiz otishiga 90-yillar boshlarida kuzatilgan fuqarolar urushi sabab ekanini aytishadi.

Ularga ko‘ra, qizlarining xavfsizliklarini o‘ylab, ota-onalar ularni erta uzatib yuborishga harakat qilishgan.

Ammo, mahalliy inson huquqlari faollariga ko‘ra, 2000-yillarga kelib, vaziyat yana o‘zgargan.

Rossiyaga mehnat muhojirligiga ketayotgan erkaklar sonining keskin oshishi ota-onalarda "qizim ersiz qolib ketadi", degan xavotirni kuchaytirgan.

Faollar nikoh yoshidagi yigit va qizlar orasidagi gender notengligi ham erta nikohlarga zamin yaratayotganini aytishadi.

O‘zbekistondagi holat

O‘zbekistonlik faollar ham so‘nggi yillarda poytaxt Toshkent kabi yirik shaharlar va mamlakatning chekka qishloq hududlarida bu kabi hollar ko‘payib borayotganini ta‘kidlashadi.

"Hozirda 16, 17 yoki 18 yosh ustida qizlarni turmushga berish holatlari, ayniqsa, qishloq joylarida juda ko‘plab kuzatiladi", deydi "Ezgulik" inson huquqlarini saqlash tashkiloti vakili Abdurahmon Tashanov.

Faol, o‘z o‘rnida, buni jamiyatning ijtimoiy psixologiyasi bilan bog‘liq holat, deb hisoblashini aytadi.

"Bu qizlarning o‘rtasida erta turmushga berish bo‘yicha raqobatning kuchayganligi, migratsiya muammolari tufayli erkaklar sonining kamayganligi, odamlarda dinga bo‘lgan intilishning kuchaygani va o‘zbekcha mentalitet bilan bog‘liq", deydi u.

O‘zbekistonlik faol nazdida bu kabi tendentsiyaning oqibatlari jamiyat uchun ayanchli bo‘lishi mumkin.

"Turmushga yengil-elpi qarash, ruhan balog‘atga yetmay turmushga uzatilgan qizlar farzandlarining jismoniy nuqsonlar bilan tug‘ilishi, ruhiyat bilan bog‘liq har xil muammolarning yuzaga kelishi, albatta, jamiyatda ma‘lum darajada o‘ziga xos ijtimoiy portlashni keltirib chiqaradi,.." deydi u:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Mahalliy faol bu yo‘lda O‘zbekiston hukumati hozir qo‘lidan kelgan barcha choralarni ko‘rayotgani, ammo xalqning mentaliteti, odamlarning qarashlari va jamiyatdagi muammolar bir kunda o‘zgarib qolmasligini ta‘kidlaydi.