Putinning prezidentlikka qaytishi O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?

Mintaqaviy kuzatuvchilarga ko‘ra, aksariyat MDH davlatlari qatori O‘zbekiston ham Vladimir Putinning boshqaruv usuliga ko‘nikkan.

Shu bois, janob Putinning yana prezidentlik kursisiga qaytgani ularni larzaga soluvchi hodisa bo‘lmaydi.

Ammo, tahlilchilarga ko‘ra, Vladimir Putinning yana hokimiyat tepasiga kelishi, muayyan ma‘noda, prezident Islom Karimovga muammolar tug‘dirmay qo‘ymaydi.

Ular Putinning anchagina qattiq muzokarachi ekani, u bilan kelishish oson emasligiga diqqat qilishadi.

Boshqa tarafdan, Islom Karimovning Putin bilan muloqot qilishi oson kechishini taxmin qilayotgan kuzatuvchilar ham yo‘q emas.

Ularga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti Vladimir Putinning maxsus xizmatlar, kuch tizimlari odamining dunyoqarashiga ega siyosatchi ekaniga ko‘nikkan va uni Dmitriy Medvedevga qaraganda yoshi ham, tajribasi ham katta bo‘lgani bois, muzokaralarda munosib sherik, deb biladi.

Ammo tahlilchilar bir ovozdan O‘zbekiston Ovro‘Osiyo Ittifoqiga kirish taklifini bundan keyin ham rad etishini taxmin etishadi.

Chunki O‘zbekiston har doim Rossiyaning qandaydir tuzilmalar, umumiy tashkilotlar barpo etish g‘oyalariga ro‘yxushlik bermay keladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu - O‘zbekiston rahbariyatining Rossiya bayon qilayotgan maqsadlarga ishonmasligini ko‘rsatadi.

Ulardan ayrimlarining nazdlarida, "Karimov hokimiyat tepasida ekan, bunday siyosatda o‘zgarish kutish qiyin".

O‘z o‘rnida, xorijiy kuchlarning Afg‘onistondan 2014 yilgi safarbarlik rejasini nazarda tutib, aksariyat tahlilchilar mintaqa davlatlari bundan buyog‘iga Rossiyaga xavfsizlik kafolati sifatida qarashlarini ham ta‘kidlashadi.

Ularga ko‘ra, janob Putinning Rossiya Qurolli kuchlarini takomillashtirishga oid yaqinda qilgan bayonoti buning uchun yaxshigina asos bo‘ladi.

Mehnat muhojirligi va muhojirlar

Millionlab fuqarolarining qonuniy va noqonuniy mehnat muhojirligida band ekanliklari nuqtai nazaridan ham, Rossiya O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etadi.

Ustiga ustak, mahalliy kuzatuvchilar O‘zbekistondan Rossiyaga mehnat muhojirligiga ketayotgan insonlarning soni kun sayin ortib borayotganini ham ta‘kidlashadi.

Vladimir Putin esa, o‘zining saylovoldi kampaniyasi chog‘ida milliy masala "mamlakati uchun fundamental xarakterga ega" ekanini bayon qilgandi.

Janob Putin muhojirlik tartib-qoidalarini kuchaytirish, migratsiya va rasman qayddan o‘tish me‘yorlarini buzganlarni jinoiy javobgarlikka tortish istagida ekanini ma‘lum qilgandi.

Rossiyaning yangi prezidenti o‘shanda muhojirlarning, "nomaqbul, tajovuzkor, kishining g‘ashiga teguvchi va xurmachaga sig‘maydigan xatti-harakatlari qattiq jazolanishi shart" ekanini ta‘kidlagandi.

Hozir Rossiyadagi shifoxonalarning birida ishlaydigan o‘zbekistonlik mehnat muhojiri ham o‘ziga o‘xshagan ziyolilar qatlamini nazarda tutib, Vladimir Putinning prezidentlik kursisiga qaytishidan u qadar nekbin emasliklarini aytadi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Unga ko‘ra, "Janob Putin prezidentligi davrida hozirgisidan farqli tarzda, Rossiyada yana millatchilik tuyg‘ulari kuchayishi mumkin".

O‘zbekistonlik shifokor Rossiya O‘zbekistonni o‘z ta‘sir doirasiga olishga uringudek bo‘lsa, bu ham o‘z ahvollarini qiyinlashtirishini taxmin etadi.

"Agar O‘zbekiston bunga ro‘yxushlik bermasa, demakki, alamini bizlardan oladi. Xuddi Rossiya bilan Tojikiston o‘rtasidagi mojaroga o‘xshash...", deydi u.

Mehnat muhojiriga ko‘ra, shu sababdan ham, janob Putinning qayta prezidentlik kursisiga qaytishiga Rossiyada tirikchiligini o‘tkazayotgan yurtdoshlari orasida munosabat bir xil emas.

"Oddiy ishchilarning aksariyati bunga yaxshi qarashadi. Ammo masalaning tagiga yetgan odamlar unchalik ham ijobiy fikrda emaslar", deydi u.

O‘shlik qochqinlar nima deyishadi?

Qirg‘iziston janubida 2010 yilda yuz bergan so‘nggi qonli milliy nizolar ortidan, Rossiyaga qochib borib, Rossiya fuqaroligini olgan o‘zbeklar ham ozmuncha emas.

O‘nlab o‘zbek xonadonlari bugun Samaradan tortib, Sverdlovsk, Xabarovskkacha, ya‘ni Rossiyaning har burchagidan boshpana topishgan.

Ikki yildirki, Moskvada istiqomat qilayotgan o‘shlik qochqinlardan biri esa, so‘nggi paytlarda Rossiyaga boshpana izlab kelayotgan taqdirdoshlarining soni yanada ortayotganini aytadi.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, bunga ular qochib borgan davlatlardagi shart-sharoitlarning og‘irlgi sabab bo‘lmoqda.

Unga ko‘ra, janob Putinning o‘zi kabi qochqinlarni ish, turar-joy bilan ta‘minlash masalasiga e‘tibor qaratishini istashadi.

"Ko‘p odamlar, ayniqsa, erkaklar shunaqa yig‘lashadiki, oilasidan ajraganlar nihoyatda ko‘p. Bola-chaqasidan ajraganlar ko‘p..".

"Nochorlikdan registratsiya qilolmaganlari qancha. Ular ham Vladimir Putin prezidentlikka qaytgach, bizga biroz yengillik bo‘larmikan, deb umid qilishyapti", deydi o‘shlik suhbatdoshimiz:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi