Dmitriy Medvedev Rossiya Bosh vaziri bo‘ldi

Image copyright Reuters

Dmitriy Medvedev rasman Rossiya bosh vaziri etib tayinlandi.

Bu haqda Prezident Putin qaror imzoladi.

Davlat Dumasi ham Medvedev janoblarining nomzodini Bosh vazirlikka tasdiqladi.

Tabiiyki, uning nomzodi Vladimir Putin tomonidan taqdim etilgandi.

Medvedev janoblarini asosan "Yagona Rossiya" va LDPR vakillari qo‘llab quvvatlaganlar.

LDPR vakillaridan biri Andrey Lugovoyning aytishicha, garchand fraktsiya Medvedevni qo‘llagan bo‘lsa ham yangi Bosh vazirga bir necha savollari bor.

"Savollar ko‘p va ular "Yagona Rossiya"ning barcha vakillariga tegishlidir. Asosiy savol qanday qilib hokimiyatni monopoliyadan xoli qilish bilan bog‘liq bo‘lib turibdi. Ammo keyingi paytlar Prezident ham Bosh vazir ham hokimiyatni monopoliyalashtirish davlatchilikni barbod qilishini tushunib yetmoqdalar", deb aytgan Lugovoy BBC rus xizmati bilan suhbatda.

"Adolatli Rossiya" fraktsiyasining rahbari Sergey Mironov o‘z a‘zolarini Medvedev nomzodiga qarshi ovoz berishga chaqirdi.

Kommunistlar partiyasi vakillari esa Medvedev janoblari bilan tonggi uchrashuvdan keyin uning nomzodini qo‘llamaslikka qaror berishgan.

Gennadiy Zyuganovga ko‘ra, Medvedev eski boshqaruv yo‘lidan qaytmaydi va bu mamlakatni boshi berk ko‘chaga kiritgan. "Biz Medvedevga qarshi ovoz beramiz", deb aytgan kommunistlar rahbari.

Medvedev janoblarini Vladimir Putin "yangilanish va taraqqiyotga bel bog‘lagan tajribali siyosatchi", deb tanishtirgan.

Vladimir Putinga ko‘ra, Medvedev shuningdek barcha partiya va jamoatchilik harakatlari bilan konstruktiv hamkorlikka tayyor bo‘ladi.

Dmitriy Medvedev ham o‘z chiqishida hamma siyosiy kuchlar bilan muloqotga kirishishi va bu uning siyosiy vazifasi ekanini aytgan.