Tojikistonlik o‘zbeklar yetakchisi o‘ziga hujumda rasmiylarni ayblamoqda

Image copyright BBC World Service
Image caption Salim Shamsiddinovni uch yigit do‘pposlagan

Tojikiston janubidagi Qo‘rg‘onteppa shahrida 5 may kuni noma‘lum shaxslar tomonidan kaltaklab ketilgan Xatlon viloyati O‘zbeklar Jamiyatining raisi Salim Shamsiddinov unga hujum qilganlar hozirga qadar topilmaganini aytdi.

Salim Shamsiddinovning da‘vo qilishicha, kaltaklangan kunining o‘zidayoq politsiyaga ariza topshirgan esa-da, hozirga qadar qidiruv ishlari boshlatilmagan.

Janob Shamsiddinov o‘zining kaltaklab ketilishini mustaqil "Millat" haftanomasi bilan bo‘lgan suhbatiga bog‘lagan.

Suhbatda u Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning sovuqlashuvi uchun ikki mamlakat rahbarlarini ayblagan edi.

"25 aprel kuni men viloyat mustaqil gazetasiga o‘zbeklar masalasida katta intervyu berdim. Men unda (o‘zbeklarga qarshi munosabat) irqiy diskriminatsiyaga aylanayapti, degan gaplarni gapirgandim... Hamma rayonda, hamma joylarda o‘zbek maktablarini tojikchaga aylantirayapti, bu genotsidning bir turi", - deydi u.

U hujum ortida siyosiy sabablar yotgani va hujum rasmiylar tomonidan uyushtirilganiga ishongani tufayli shifoxonaga bormaganini aytadi.

Salim Shamsiddinov boshiga yegan ko‘plab zarbalar tufayli uyiga olib kelishgach, hushidan ketgan.

"Uch-to‘rt kundan beri duxtirlarga telefon qilaman, birontasi yaqinlashmaydi", - deydi u.

Uning ishonishicha, o‘zbek va tojik xalqi orasida totuvlik mavjud va qarindosh-urug‘i o‘zbek bo‘lmagan tojikni topish qiyin, lekin asosiy muammo davlat hukumatlari orasida.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi