Qirg‘iziston: Qodirjon Botirovning mol-mulki musodara qilinadi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image copyright bbc
Image caption Qodirjon Botirov vatanida sirtdan umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi o‘zbek rahbarlaridan Qodirjon Botirovning mol-mulki musodara etilishini ma‘lum qilgan.

Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Nurlan Jeenaliyevga ko‘ra, Botirovning mol-mulki yuzasidan alohida mahkama rejalanmoqda.

Ayni paytda Jalolobod viloyat prokurori Qilichbek Toqtog‘ulov o‘zbek rahbariga tegishli 28 ta korxona va inshootni, mahkama qarorini kutib o‘tirmasdan, allaqachon musodara qilish jarayonini boshlab yuborganliklarini bildirgan.

Qirg‘iz Bosh prokuraturasi Qodirjon Botirovni 2010 yil iyunidagi zo‘ravonliklarda aybdor, deb topib, sirtdan umrbod qamoq jazosiga mahkum etgan.

Hozirda Shvetsiyada boshpana topgan Qodirjon Botirov o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etadi.

"Noqonuniy"

BBC bilan suhbatda Qodirjon Botirov mol-mulkini musodara qilish qarorini noqonuniy, deb atadi.

"Bularning qilayotgan ishi noqonuniy. Mening ustimdan chiqarilgan hukmda Bakiyevlarning mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash haqida gap boradi. U yerda Jalolobod hokimiyatini bosib olgan, namoyishchilarning o‘limida aybdor odamlar jabrdiyda qilib ko‘rsatilgan. Ularga yetkazilgan "zarar"ni bizning hisobimizdan qoplash degan bahona bilan qilinayapti bu ishlar", - deydi Qodirdon Botirov.

U shuningdek, qirg‘iz rasmiylarining go‘yoki o‘z biznesini qutqarish niyatida zo‘ravonliklardan bir necha kun o‘tib, turmush o‘rtog‘i bilan ajralishni soxtalashtirgani haqidagi da‘volarini rad etadi.

"Biz turmush o‘rtog‘im bilan 2002 yildan buyon birga yashamaymiz. Men bu narsalarni oilam, bolalarim uchun qilganman va hamma narsa o‘shalarning nomida. Mening nomimda bitta velosiped ham yo‘q", - deydi u.

Qirg‘iziston mahkamasi shu kunlarda Botirovlarning ajralishi haqidagi qarorni soxta, deya bekor qilgan.

Ayrim qirg‘iz deputatlari parlamentdagi chiqishlarida o‘zbek ishbilarmoni orttirgan boyliklar manbayini savol ostiga olishgan va ular qirg‘iz rasmiylarini sotib olish va soxtakorliklar evaziga orttirilganini da‘vo qilganlar.

"Agar men noqonuniy yo‘llar bilan biznes qilmoqchi bo‘lsam, menga universitet, shifoxona va sport zallarini qurishning nima keragi bor edi?", - deydi ishbilarmon.

U Qirg‘iziston rasmiylarini o‘zgalar mulkini noqonuniy yo‘llar bilan bosib olishga urinish va korruptsiyada ayblaydi.

"Vaziri bormi, hokimi bormi, sud-prokuturami, hammasi yagona korruptsiya tizimi. Buni yashirish va o‘zlarini ishlayotgan qilib ko‘rsatish uchun Botirovga o‘xshagan odamlar kerak", - deydi Shvetsiyada boshpana topgan o‘zbek ishbilarmon.