Damashqda yuz bergan ikki portlashda kamida 40 inson halok bo‘ldi

Image copyright AFP
Image caption Portlashlar natijasida kamida 40 inson halok bo‘lgan

Suriya poytaxti Damashqda chorshanba kuni ikkita kuchli portlash yuz berdi. Davlat televideniyesi xabariga ko‘ra, 40dan ziyod inson halok bo‘ldi va yana kamida 170 nafar inson jarohat oldi.

Dastlabki ma‘lumotga ko‘ra, portlovchi moddalar to‘ldirilgan avtomobillar al-Qazzoz mintaqasidagi maxsus xizmatlar binolari yaqinida portlab ketgan.

Portlashlar natijasida maxsus xizmatlarning ikki asosiy binosi vayron bo‘lgan.

Hodisa yuz bergan joyga BMTning Suriyadagi nozirlar guruhi rahbari, Norvegiya armiyasining general-mayori Robert Mud yetib borgan.

Birinchi portlash mahalliy vaqt bilan ertalabki soat sakkizda, xizmatchilar ishga, talabalar esa o‘qishga borayotgan paytda, yuz bergan.

Ortidan yanada kuchliroq ikkinchi portlash sodir etilgan.

Portlash joyida katta chuqurlik paydo bo‘lgan.

Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, portlashlar ortidan otishma boshlangan.

Portlashlar yuz bergan joyga tez yordam mashinalari yetib borgan, hudud kuch ishlatar tizimlar xodimlari tomonidan o‘rab olingan.

Damashqdagi BBC muxbiri Melani Marshallning eng yirik shifoxonadan xabar birishicha, u yer yaradorlarga to‘lib ketgan va shifokorlar ularni davolashga ulgura olmayotirlar.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, odamlar jarrohlik stollarida halok bo‘lmoqdalar.

Shifoxona o‘likxonasida esa joy qolmagan.

Chorshanba kuni Suriyaning Deraa shahriga eltuvchi yo‘lda ikki portlash sodir etilgandi.

Oxirgi oylarda portlashlar Damashq shahrini bir necha boy larzaga keltirdi.

Aprel oyi oxirida masjidlardan biriga qilingan intihoriy hujumda 10 nafar inson o‘ldirilgandi.

Tinchlik rejasi ish bermayapti

Suriya davlat televideniyesi bugungi portlashlarni uyushtirishda isyonchilarni aybladi.

Muxolifat faollari esa, o‘z navbatida, Suriya hukumati armiyasi, otashkesim shartnomasini buzib, chorshanbaga o‘tar kechasi Hums shahrini bombalay boshlaganini bayon qildilar.

Hums shahrida hozir BMTning 11 nafar noziri bor.

Ular BMTning sobiq Bosh kotibi Kofi Annan tomonidan ishlab chiqilgan tinchlik rejasining qanday ishlayotganini kuzatib borishga harakat qilmoqdalar.

Ikkala tomon ham ushbu rejaga rioya etishga rozi bo‘lgan.

Ammo BBC muxbirining voqea joyidan xabar berishicha, ushbu vazifani faqat nazariy jihatdan ijro etish mumkin, zero muxolifat ham, hukumat armiyasi ham otashkesim shartnomasini davomli buzishmoqda.

Mojaroni tinch yo‘llar bilan hal qilish haqidagi reja ijrosi aprel oyida kuchga kirdi.

Tomonlar, ilk navbatda, o‘t ochishni to‘xtatishlari kerak edi.

Ushbu jarayonni kuzatish uchun BMTning 70 nafarga yaqin kuzatuvchisi Suriyaga kelgan.

Biroq mamlakatda zo‘ravonliklar to‘xtagani yo‘q.

Suriya bo‘hroni bir yil muqaddam boshlandi.

Tinch namoyishlar hukumat qo‘shinlari va muxolifat o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

BMT ma‘lumotiga ko‘ra, hozirga qadar ichki urushlarda 10 mingdan oshiq inson halok bo‘ldi.

Suriya hukumatining aytishicha, muxolifat bilan bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlarda huquq-tartibot organlaridan 2,5 ming inson o‘lgan, tinch aholi orasida esa qurbonlar soni 3,2 mingdan oshib ketgan.

Hukumat oxirgi oylarda muxolifat ishg‘ol etgan asosiy shaharlar ustidan nazoratni qayta o‘rnatdi.

Biroq isyonchilar xufiya kurash yo‘liga o‘tdi.

Oxirgi oylarda harbiylar va politsiyaga qarshi hujumlar kuchaydi.