Islom Karimov "Ba‘zi joylarda fashizm va millatchilik bosh ko‘tarmoqda"

Image caption Islom Karimovga ko‘ra, fashizm va millatchilik katta qurbonlarga yetaklamasdan ularni bartaraf etish kerak

"Ba‘zi joylarda fashizm va millatchilik bosh ko‘tarmoqda" - dedi Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan gapirgan Islom Karimov - "Millatchilik fashizmning asosidir".

"Ularni ildiz otmasdanoq bartaraf etish darkor" - degan jurnalistlar savoliga javob bergan O‘zbekiston prezidenti.

"Keyinchalik xalqaro miqyosda hal qilishgacha bormasdan, katta qurbonliklar bermasdan turib bu narsani bartaraf etish zarur".

Prezident Karimovga ko‘ra, ayni illatlar borasida O‘zbekistonda ham, tashqarida ham yozayotgan olimlar va faylasuflar bor, lekin hech kim masalani risoladagidek qo‘ymayotir.

O‘zbekiston prezidentining ushbu so‘zlari aksar o‘zbeklar hujumga tutilgan Qirg‘izistondagi O‘sh qirg‘ini ikki yilligi yaqinlashayotgan bir paytda jaranglamoqda.

O‘zbekiston hukumati o‘z hududida O‘sh voqealarini keng yoritishga izn bermaydi va hatto O‘sh xunrezligi haqida filьm ishlagan san‘atkor Abdulaziz Mahmudov militsiya nazoratiga olingan.

Mintaqaga safar qilgan tadqiqotchi va jurnalistlarga binoan, bugun qator mamlakatlarda millatchilik kayfiyatlari kuchaymoqda.

Ba‘zida yosh mustaqil davlatlar yuritayotgan millatparvar siyosat osonlik bilan millatchilik uchun asos yaratishi ehtimoli yuzaga keladi.

O‘sh va Jalolobod zo‘ravonligidan beri o‘tgan ikki yil davomida u yerdagi o‘zbeklar hamon muntazam kamsitish va tahqir ostida yashayotganlari aytiladi.

"Dunyoda hozir ozchiliklar o‘ta qiyin ahvolda kun ko‘rayotgan hududlar atigi bir nechta qolgan va Qirg‘iziston ulardan biridir" - deb qayd etadi Xalqaro Inqiroz Guruhi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Sobiq Sovet mamlakatlarining aksariyatida millatchilik kayfiyatlari kuchli.

Bu mamlakatlar bir millat yetakchilik qilayotgan jamiyat qurishga intilishmoqda va ushbu jarayonda azaldan o‘sha mamlakat hududlarida yashab kelgan milliy ozchiliklar haq-huquqlarini ta‘minlash inobatga olinmayapti.