Anders Breyvikka mahkama zalida poyafzal otishgan

Image copyright Reuters
Image caption Breyvik o‘ziga poyabzal uloqtirilishini kinoya bilan qabul qilgan

Norvegiyaning Utoyya orolida Anders Breyvik tomonidan otib o‘ldirilgan 69 qurbonlardan birining yaqini juma kungi mahkamada Breyvikka qarata poyafzalini otgan va "Qotil! Sen mening inimni o‘ldirding! Joying jahannamdan bo‘lsin!", - deb qichqirgan.

Poyafzal Breyvikning himoyachisiga tekkan.

Mahkamada ishtirok etayotganlarning ko‘pchiligi bu ishni chapak chalib olqishlashgan. Ba‘zilari yig‘lashgan.

17 kundan buyon davom etayotgan mahkama jarayonini sudya ma‘lum muddat to‘xtatishiga to‘g‘ri kelgan.

Hodisa Breyvik qurbonlaridan birining jasadi ochilganidagi tafsilotlar o‘qib eshittirilayotganida sodir bo‘lgan.

Breyvikning himoyachisi o‘ziga "bor-yo‘g‘i poyafzal" tekkanidan xursandligini aytgan.

Poyafzal uloqtirgan kishi iroqlik bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Mahkama ishi qaytadan davom etganida Breyvik zaldagilarga qarab, "agar siz menga nimadir itqitmoqchi bo‘lsangiz, men kirib kelganimda yoki mahkama zalidan chiqib ketayotganimda uloqtiringlar, mening himoyachimga emas", - deb aytgan.

Chorshanba kuni Oslodagi mahkamada Anders Breyvik uyushtirgan qirg‘indan omon qolganlarning ko‘rsatmalari tinglangan.

Shu kunga qadar Utoyya orolidagi qirg‘indan omon qolgan o‘smir va ularning qarindoshlari mahkamada yig‘lashgani kuzatilgan, lekin hech kim Breyvikka biror narsa uloqtirmagan.

2011 yil 22 iyulida Oslo markazida bir avtomobil portlatilgan, oradan biroz vaqt o‘tganidan keyin Osloga yaqin Utoyya oroliga yig‘ilgan o‘spirinlar otib o‘ldirilgan edi.

Breyvik bu jinoyatlarni sodir etganini, 77 insonning umriga zomin bo‘lganini tan olgan.

Oslodagi portlashda sakkiz inson halok bo‘lgan.

69 kishi Utoyya orolida hayotdan ko‘z yumgan, ular Norvegiyada hozir qudratda bo‘lgan Ishchilar partiyasining yoshlar qanoti a‘zolari bo‘lganlar.

Anders Breyvik Ishchilar partiyasi vakillariga bu partiya Ovro‘poda "musulmonlar bosqini"ga bamaylixotir qo‘l qo‘yib berayotgani uchun hujum qilganini aytgan.

Uning xotirjamlik bilan sodir etgan jinoyati butun dunyoni larzaga solgan.

Breyvikning ruhiy salomatligini tekshirishga qaror qilingan.

Breyvikka nisbatan ayblov iyulda chiqariladi.

Mahkama Breyvikni aqlan ojiz deb topsa, majburiy davolash qarori qabul qilinishi mumkin.

Aks holda, unga Norvegiya qonunlarida belgilangan eng uzoq 21 yillik qamoq jazosi berilishi, so‘ngra bir umrlik qilib o‘zgartirilishi mumkin.