"Vatanparvarlar" qirg‘iz qizlarini qiynoqqa solishgan

Image copyright RIA Novosti
Image caption Rossiyaga ish izlab kelayotganlar ko‘paygani sari ularning muammolari ham ko‘payib bormoqda

Internetda "Patriot"("Vatanparvar") deb atalgan guruhga ta‘luqli "tarbiyaviy maqsadlar"ni ko‘zlagan videolavhalar paydo bo‘lgan.

Bu videolavhalarda Rossiyaga ish izlab borgan qirg‘iz qizlarini shafqatsiz qiynashgani, ularni yalang‘och qilib xo‘rlashgani ko‘rsatilgan.

"Vatanparvarlar" o‘z vatandoshlari bo‘lgan qirg‘iz qizlarini boshqa millat kishilari bilan noma‘qul harakatlarda ayblashgan.

Videolavha qahramonlari o‘zlarining haqliklariga va jinoyatlari jazosiz qolishiga to‘liq ishongan holda "asir"larini so‘roqqa tutishgan.

Internetda paydo bo‘lgan videolavhalar qirg‘iz jamiyatida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgani aytilgan.

Ko‘pchilik bu kabi munosabatni vatanparvarlik emas, balki ayollarga nisbatan odatiy zo‘ravonlik deb hisoblaydi.

Videolavhalarning deyarli hammasining mazmuni bir xil.

O‘zini ko‘rsatmagan yosh yigitlar qizlarni qiynab, yuzlarini kameraga qarab gapirishga, pasportlaridagi hamma ma‘lumotlarni baland ovozda aytib berishga majbur qilishgan.

Bu so‘roqlar shafqatsiz kaltaklashlar ostida kechgani ko‘rsatilgan.

Lavhalar hatto ko‘chada ham suratga olingan.

"Vatanparvarlar" qizlarga pichoq va boshqa narsalar bilan tahdid qilishgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu qirg‘iz jamiyatining fojeasi.

"Pul ishlashga ketayotgan qizlarning ko‘pi juda yosh. Ona suti og‘zidan ketmagan. Agar bu yigitlar o‘zlarini vatanparvar, deb hisoblar ekan, ularni qiynab emas, balki kerakli ish , xavfsiz turar-joy bilan ta‘minlashga yordam berishlari kerak edi. Ularning qilayotgan ishlari esa, inson shaxsiyatiga qarshi jinoyatdir"

Qirg‘iziston ombudsmeni instituti raqamlariga qaraganda 600 ming Qirg‘iziston fuqarosi Rossiyaga tirikchilik uchun ketgan.

Keyingi paytlarda Rossiyaning turli shaharlariga ish izlab borgan qirg‘iz qizlarining nomaqbul hayot tarzi haqida videolavhalar paydo bo‘lgan.

Dastlab paydo bo‘lgan "tarbiyaviy" videolavhalardan so‘ng parlament 22 yoshga yetmagan qizlarni yetakchisiz mamlakatdan chiqarmaslik haqida qaror qabul qilmoqchi bo‘lgan.

Kuzatuvchilarning aytishicha, bu jiddiy muammo. "Agar hozir bunga e‘tibor berilmasa, keyin kech bo‘ladi".

Rossiya huquqni himoya qilish tashkilotlariga ko‘ra, qizlar o‘rtasida "tarbiyaviy ishlar"olib borayotgan "vatanparvarlar" hozircha faqat Moskva, Sankt-Peterburg va Yekaterinburgda mavjud.