"Uchoqni portlatish rejasini barbod qilgan josus britaniyalik"

Image copyright Reuters
Image caption Aeroportda xavfsizlik choralari keskin kuchaytirilgan

Amerika matbuoti Yamanda joylashgan "Al Qoida" guruhi bilan aloqada bo‘lgan, ayni paytda Saudiya razvedkasiga ham ishlagan shaxsning asli kelib chiqishi yaqin sharqlik Britaniya fuqarosi ekanligini ma‘lum qilgan.

Oldinroq AQSh xavfsizlik xizmatlari Amerikaga yo‘l olgan uchoqni ichki kiyimga yashirilgan bomba orqali portlash rejasini barbod qilishga muvaffaq bo‘lganlari xabar qilingan edi.

Britaniya hukumati Amerika matbuotida paydo bo‘lgan bu xabarni izohlamagan.

Xabar agentliklariga ko‘ra, bu portlovchi uskunada metal ishlatilmagan va shuning uchun tekshiruv nuqtalaridan olib o‘tish imkoniyati ko‘proq bo‘lgan.

Saudiya razvedkasi josusga "Al-Qoida"ni o‘zini uchoq bortida portlatish orzusi borligiga ishontirishni topshirgan.

Josusga kiyim ichiga yashiriladigan portlovchi modda topshirilgan.

Saudiya Arabistonidan uchadigan uchoqda portlovchi moddani ishga solishi kerak bo‘lgan josus uni Amerika razvedkasiga topshirgan.

Amerika xavfsizlik xizmatlari odamlarning hayotiga xavf solinmaganini aytgan.

Xabarlarga ko‘ra, hozirda Saudiya Arabistonida saqlanayotgan josusning hayotiga xavf yo‘q.

Amerika xavfsizlik xizmatlari portlovchi moddani o‘rganayotganlari aytilgan.

Portlovchi uskuna 2009 yil dekabr oyida nigeriyalik Umar Faruq Abdulmutallab Amsterdam-Detroyt yo‘nalishida parvozda bo‘lgan uchoqni muvaffaqiyatsiz portlatishga uringan uskunaga o‘xshashi aytilmoqda.

"Ayni hodisa Amerika hali o‘ziga hujum qilish rejasida bo‘lganlarga qarshi sergak turganidan dalolatdir, biz mamlakatning xavfsizligini ta‘minlash uchun barcha choralarni ko‘ramiz", deb aytgan Amerika mudofaa vaziri Leon Panetta.