Afg‘onistonda tinchlik muzokarachisi o‘ldirildi

Image copyright Reuters
Image caption Arsala Rahmoniy Tolibon qo‘mondonlarini tinchlik jarayoniga tortish uchun o‘ta muhim shaxslardan biri bo‘lgan

Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, Kobulda tinchlik muzokarachilaridan biri otib o‘ldirilgan.

Arsala Rahmoniy Tolibon sobiq vazirlaridan biri va Afg‘oniston Oliy Tinchlik Kengashi muhim e‘tiborga molik a‘zolaridan biri bo‘lgan.

Kengash Tolibon bilan tinchlik muzokaralariga boshchilik qiladi.

Muxbirlariga ko‘ra, Tolibon qo‘mondonlari bilan muloqotlarni yo‘lga qo‘yish uchun asosiy shaxs hisoblangan Rahmoniyning o‘limi Prezident Homid Karzay uchun yirik zarbadir.

Oliy Tinchlik Kengashi raisi Burhoniddin Rabboniy 2011 yil sentyabrida o‘zini Tolibon vakili deb tanishtirgan xudkush hujumchi tarafidan o‘ldirilgandi.

O‘tgan oy uning Qo‘shma Shtatlarda ta‘lim olgan o‘g‘li Salohiddin Rabboniy Oliy Tinchlik Kengashiga rais etib tayinlangan.

Muzokarachi birgina o‘qdan o‘lgan

Politsiyaning aytishicha, Rahmoniy janoblari yakshanba kuni ertalab Kobul g‘arbida ishga otlangan mahal noma‘lum qurolli tarafidan nishonga olingan.

BBCning Kobuldagi muxbiri Bilol Sarvariyga ko‘ra, Toyota Korolla rusumli avtomobilda kelgan hujumchilar ovoz chiqarmaydigan to‘pponcha vositasida unga bir marta o‘q uzishgan.

"Haydovchisi Rahmoniy o‘ldirilganini birdan payqamagan", deb aytgan politsiya rasmiysi Muhammad Zohir Reyters agentligiga.

Muxbirimizga ko‘ra, uning hayotiga oldindan tahdidlar bo‘lgan, shunday ekan, nima uchun tan qo‘riqchilarisiz yurgani borasida savollar o‘rtaga chiqqan.

Rahmoniy janoblari tinchlik jarayoniga qo‘shilgan ilk yuqori martabali Tolibon a‘zosi edi.

Uning o‘limi esa, prezident yordamchilaridan birining BBC muxbiriga aytishicha, boshqa Tolibon rasmiylarini ham tashvishga solishi tayin.

Arsala Rahmoniy Tolibon qo‘mondonlarini tinchlik jarayoniga tortishda o‘ta muhim rol o‘ynagan. Ammo, u shu paytga qadar qancha Tolibon rasmiysini muloqotga ko‘ndira olgani ma‘lum emas.

Nima bo‘lmasin, Prezident Karzay Tolibon rahbariyati bilan bog‘liq masalalarda u bilan tez-tez muloqot olib borgan.

Arsala Rahmoniy Bagramdagi Tolibon va boshqa afg‘on mahbuslarini qo‘yib yuborish masalasini Oliy Tinchlik Kengashi kun tartibiga chiqarishga muvaffaq bo‘lgandi.

U Tolibon davrida Oliyta‘lim vaziri vazifasini bajargan.

Ammo, Rahmoniy janoblari Tolibon harakatiga asos solinishidan oldin ham siyosiy faol shaxslardan bo‘lgan, 1990 yillarda u Afg‘oniston ma‘muriyatidagi rasmiylardan biri sifatida faoliyat olib borgan.

Janob Rahmoniy ham o‘tgan yilning iyul oyida bir qator sobiq Tolibon rasmiylari bilan birga BMT qora ro‘yxatidan o‘chirilgandi. Ya‘ni, uning safar qilishiga taqiq bekor qilingan va bank hisoblari qayta imkonli bo‘lgandi.