Iyun qirg‘inidan ikki yil o‘tib: "Piyoz qovurib, yeb o‘tirgan oilalarni ko‘rdim"

Mahalliy inson huquqlari faollarining aytishlaricha, Qirg‘iziston janubida yuz bergan va yuzlab insonlar o‘ldirilgan qonli qirg‘indan ikki yil o‘tib ham, aksariyat jabrdiyda oilalar har tomonlama yordamga muhtojlar.

2010 yilning iyun oyida O‘zbeklar va Qirg‘izlar orasida kelib chiqqan etnik nizolarda asosan O‘zbeklar jabr chekishgandi.

Izzatulla Rahmatullayev O‘sh shahrining zo‘ravonliklardan eng ko‘p ziyon ko‘rgan Cheryomushki mahallasida aziyat chekkan oilalarga huquqiy ko‘mak berish markazining rahbari.

Uning aytishicha, ayniqsa, qirg‘in sabab, o‘z boquvchilarisiz qolgan oilalardagi ahvol nihoyatda ayanchli:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Psixologik holati, nizolarga aloqadorlikda qamalgan oila boshliqlarining ozod bo‘lishiga umidsizlik, buning ustiga tirik jon: yeyish kerak, ichish kerak, kiyish kerak. Ularning umri ikki kunning birida sudda, ikki kunning birida tergovchining oldida, oila boshliqlarining orqasidan yugurib yurib, tirikchilik qilolmayotganlari ko‘p", deydi faol.

Uning aytishicha, bu kabi oilalarning taqdirlari faqat qarindosh-urug‘lari berayotgan yordamga qarab qolgan.

"Bugungi kunda davlat tomonidan yoki xalqaro tashkilotlar tarafidan ularga ko‘mak beradigan birovi yo‘q", deydi Izzatulla Rahmatullayev.

Saodat Omonova iyun nizolari chog‘ida uch kishini o‘ldirganlikda ayblanayotgan narimonlik Dilmurod Haydarovning opasi.

Dilmurod Haydarovning himoyachisi mijozining aybsiz ekanini aytadi. Uning o‘zi ham kechayotgan mahkama jarayonlarida gunohsizligini ta‘kidlab keladi.

Saodat Omonova esa, ukasining mahkama jarayoni ikki yildan beri turli sabablar bilan orqaga surilib kelayotgani bois, oilasi hozirga kelib, iqtisodiy jihatdan ancha qiynalib qolganini aytadi.

"Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilarning yordamlari bilan hozir tirikchiliklarini o‘tkazib turishibdi. Ikki qizi, bir o‘g‘li, uchta bolasi bor. Kelinim ishlamaydi. Ukamning qaynona-qaynotasi ham o‘tib ketgan. Bizning ota-onamiz ham hayot emaslar,.." deydi u.

Saodat Omonova, "Mahalliy yoki xalqaro tashkilotlarning yordam berishlariga ishonmasligi, hozirda Allohdan boshqa hech kimga ishonchi qolmagani"ni aytadi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Narx-navolar

O‘shlik faol Izzatulla Rahmatullayev esa, ustiga ustak, narx-navoning nihoyatda qimmatligi ham, mavjud vaziyatni yanada og‘irlashtirayotganini ta‘kidlaydi.

"Deylik, mol go‘shtining kilosi 280 som, o‘simlik yog‘ining 1 litri 110-120 so‘m, kuni-kecha bir kilo sabzi oluvdim - 25 som, meva-cheva haqida gap bo‘lishi mumkin emas, bir kilo qulupnayning bahosi 400 som".

Faol AQSh dollariga chaqqanda bugun bir kilo go‘shtning qiymati 6 AQSh dollari atrofida ekani, jabrdiyda oilalarning bir oylik o‘rtacha daromadlari esa, 50-60 AQSh dollariga teng ekanini aytadi.

"Bugun odamlarning yeyish-ichishlari non-choy, shu, ko‘k piyoz deganlaridek,..bo‘layapti. Mana, Cheryomushkidagi ko‘pchilik oilalarning qozon qaynatgani ham hollari yo‘q, piyoz qovurib, yeb o‘tirishganini ko‘rdim", deydi faol.

Izzatulla Rahmatullayev o‘z kuzatuvlaridan kelib chiqib, iyun qirg‘inidan jabr ko‘rgan tumanlardagi aksariyat oilalar ana shunday ahvoldaligini aytadi.

U mintaqada jabrdiyda aholining biror joyda ishlab, o‘z tirikchiliklarini o‘tkazish imkoniyatlari ham deyarli nolga teng , deydi.

"Biz iyun voqealaridan beri shu xususda xalqaro tashkilotlar, mahalliy hokimiyatlarga murojaat qilib kelayapmiz. Biroq, tilakka qarshi, deyarli birortayam ish o‘rni yaratilgani yo‘q".

Faol bahor kelib, yana mavsumiy ishlar boshlangani bois, odamlar ilojsizlikdan jabrdiyda tumanlarda kechayotgan qurilishlarda ishlashayotgani, yeri borlari o‘zlarining dehqonchiliklari bilan ovora ekanliklarini aytadi.

Ammo, unga ko‘ra, "er ulushi yo‘q, shahardan ish topolmagan bechoralarning ahvoli juda og‘ir".

Chorasiz ahvol

Qirg‘izistonlik mas‘ullarga ko‘ra, o‘sha yil iyun oyida mamlakatning janubiy mintaqalarida kechgan milliy zo‘ravonliklar oqibatida o‘n minglab ish o‘rinlari yo‘qotilgan.

Ularning ta‘kidlashlaricha, qarz olib, savdo-sotiq bilan shug‘ullanayotgan tijoratchilar bor-budlari qolib, ish joylaridan ham ayrilishgan va shu sababdan ham eng avvalo ushbu muammo hal etilmog‘i lozim.

Qirg‘iziston janubidagi o‘zbeklar asosan tijorat bilan shug‘ullanib kelishgan. Do‘kon, nonvoyxona, turli kichik korxonalarni yuritib, shuning orqasidan daromad qilishgan.

Iyun oyidagi qonli zo‘ravonliklar ortidan ularning aksariyati vayron etilgan yoki o‘t qo‘yilgan.

Milliy nizolar chog‘ida, bundan tashqari, yuzlab odamlar qurbon bo‘lgan, ko‘plab turar-joylarga ziyon yetgan va o‘n minglab odamlar o‘z turar-joylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishgandi.

Xalqaro hamjamiyat esa, 2010 yil avgust oyida janubiy mintaqalarini qayta tiklash uchun Qirg‘izistonga bir milliard dollardan ortiqroq mablag‘ ajratishga va‘da bergandi.