Rog‘un GESi kuchli zilzilalarga dosh bera oladimi?

Image caption Tojikistonning Rog‘un GESini qurish rejasi O‘zbekiston noroziligiga sabab bo‘lmoqda

Yakshanba kuni ertalab Tojikistonning sharqiy mintaqalarida yuz bergan yer silkinishida kamida 3 odam halok bo‘lgan.

Zilzila markazi poytaxt Dushanbedan 150 kilometr shimol-sharqda qayd etilgan.

Rasht vodiysida yuz bergan yer silkinishi rixter shkalasi bo‘yicha 6 ballni tashkil etgan.

Rog‘un GESi qurilayotgan mintaqada esa yel silkinishi 4.5 ballga yetgan.

O‘zbekiston davlat matbuoti zilzila o‘chog‘ining Rog‘un GESi yaqinida yuz bergani yuzasidan o‘z xavotirlarini bildirgan.

O‘zbek internet sahifalarida yozilishicha, balandligi 335 metr bo‘lgan to‘g‘onning qurilishi nafaqat Tojikiston balki butun mintaqaga xavf soladi.

Mintaqada eng yirik bo‘lishi aytilayotgan ushbu GES qurilishiga O‘zbekiston qattiq qarshilik qilib keladi.

Rog‘un GESini qurish loyihasi ikki mamlakat munosabatlarini keskin sovuqlashtirgan.

Dushanbedan zilzilashunos olim Georgiy Tashvakov Tojikiston seysmik faol mintaqada joylashganini e‘tirof etdi, biroq Rog‘un GESi qurilishi mintaqaga xavf solmasligini ta‘kidladi.

Georgiy Tashvakov: Butun Tojikiston turli ball va magnitudada doimo zilzilalar yuz berib turuvchi seysmik rayonda joylashgan. Nurek GESi joylashgan va Rog‘un GESi joylashak mintaqada 8 balldan 9 ballgacha yer silkinishi imkoni bor.

BBC: Shunday ekan, Rog‘un GESining ushbu mintaqada qurilishi qanchalar xavfsiz deb ayta olasiz?

Tashvakov: Nurek GESi 40 yildan buyon ishlayapti. Bu davr ichida turli darajada yuzlab yel silkinishlari bo‘ldi. Bu mintaqada hattoki 7 balli zilzila ham bo‘lgan. Shunga qaramasdan, Nurek GESiga hech qanaqa darz ketgani yo‘q, avval qanday ishlagan bo‘lsa, hozir ham shunday ishlab turibdi. Rog‘un GESi ham o‘z konstruktsiyasi bo‘yicha Nurek GESining o‘zginasi. Shuning uchun uning Nurek singari nuqsonsiz ishlashiga ishonchim komil. Bundan tashqari Rog‘un GESi darvozasi joylashgan yerda hech qachon kuchli yer silkinishlari qayd etilmagan. Eng muhimi, loyihaga asosan, Rog‘un ham Nurek singari mahalliy shag‘alli toshlardan barpo etiladi. Bu shaklda qurilgan GESlar o‘z elastikligi va qayishqoqligi tufayli har qanday zilzilaga dosh bera oladi. Bunga men hech shubha qilmayman. Ayni sohada ishlaydigan aksar olimlar ham bunga shubha qilishmaydi. Shubha faqat GES qurilishini istamaganlardagina bor, xolos.

BBC: Ammo O‘zbekiston hukumati aynan mana shu xavotirlar tufayli, ya‘ni Rog‘un GESining seysmik xavfli joyda qurilishi mumkinligi tufayli, GES qurilishiga qarshi chiqayapti... Rasmiy Toshkentning bu xavotirlarini asossiz deb bilasizmi?

Tashvakov: Ammo ularning qarashlari nimaga asoslangan? Men yana bir marta takrorlayman: Nurek GESi 40 yildan buyon ishlayapti. Nurek GESi orqali na suv filьtratsiyasi o‘zgardi va na to‘g‘on konfiguratsiyasi o‘zgardi. Hech qanday deformatsiya qayd etilgani yo‘q. Yana qanday isbot kerak O‘zbekiston hukumatiga?!

BBC: Loyiha bo‘yicha Rog‘un GESi necha balli yer silkinishiga dosh bera oladi?

Tashvakov: To‘qqiz ballga bemalol dosh bera oladi.

BBC: Dunyo tajribasida ham GESlar 9 ballik yer silkinishiga dosh bera olishi kerakmi?

Tashvakov: Dunyo tajribasida qandayligini men bilmayman. Umuman dunyo bo‘yicha olganda hech kim 10 balga dosh bera oladigan biror narsa qurmaydi. O‘n balli yer silkinishi bu - qiyomat-qoyim degani. Lekin dunyoning biror joyida 10 balli zilzila ro‘y bergani yo‘q. Magnitudasi olti ballik yer silkinishlari bo‘lib turishi Tojikiston uchun odatiy hol. Dushanbe shahri ham Nurek va Rog‘un singari ayni hududda joylashgan. Yana bir misol: Pomirdagi Sarez ko‘li 1911 yilda Bartang daryosining izdan chiqishi oqibatida yuzaga kelgan. U ham tosh-shag‘alli to‘g‘on. U yerda bir asr ichida yuzlab zilzilalar yuz berdi. Lekin, Sarez ko‘li hech qanday o‘zgarishlarsiz turibdi. Rog‘un GESi ham toshlar bilan mustahkamlanadi, temir betonlar bilan emas. Zilizilalar yuz bergan paytda bunday to‘g‘onlar buzilmaydi, aksincha yanada mustahkamlashadi.