Rahbarlar Kremlda "yangi eski Putin" huzurida bo‘ldilar

Image copyright AFP

Vladimir Putin Rossiyaning uchinchi marta prezidenti bo‘lganidan buyon sobiq Sho‘rolar Ittifoqi hududidagi mamlakatlar rahbarlari bilan ilk bor Kremlda uchrashdi.

Moskvada Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkilotiga a‘zo mamlakatlar rahbarlarining uchrashuvi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlarining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi.

Bu respublikalar rahbarlarining Vladimir Putinni yangi lavozimi bilan yuzma-yuz tabriklashlari uchun yaratilgan imkoniyat bo‘lgan.

Janob Putin Kremldagi qarorgohida har bir mamlakat prezidentini alohida-alohida qabul qildi.

Bu yil Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Toshkentda imzolanganiga 20 yil to‘lgan, Moskvadagi so‘nggi yig‘ilishda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin aytishicha, ODKB tashkilotining xalqaro miqyosdagi obro‘si oshib bormoqda va va tashkilot tobora kuchaymoqda.

Uchrashuv yakunida Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti mamlakatlari rahbarlarining deklaratsiyasi qabul qilingan.

MDH rahbarlari sammitining esa aniq kun tartibi bo‘lmagani, asosiy e‘tibor hamdo‘stlikdagi iqtisodiy integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirishga qaratilishi aytilgan.

MDH norasmiy sammiti doirasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan yakkama-yakka muloqoti bo‘lib o‘tgan.

Rossiya prezidenti matbuot xizmati xabar qilishicha, Prezident Putin Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda katta tajriba orttirishganini aytgan.

"Bizning uzoq yillik davlatlararo munosabatlardagi hamkorligimizda boy, katta tajriba to‘plaganmiz. Va ishonchim komilki, munosabatlarni rivojlantirishdagi o‘zaro davlatlarimiz manfaatlarini inobatga olsak va oldingi hamkorlik yillarimiz davomida to‘plangan bizning shaxsiy munosabatlarimizning yuksak darajasi, kontaktlarimizni nazarda tutsak, bu tajribani hayotga to‘la tatbiq eta olamiz", deb aytgan Prezident Putin.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Vladimir Putinni prezident etib saylangani bilan samimiy tabriklashini aytgan, buni tarixiy hodisa deb atagan.

Islom Karimov: "Aholimiz sonining o‘sishi iqtisodiyot o‘sishi sur‘atiga mos bo‘lsin"

Image copyright AFP

Prezident Islom Karimov dunyoda vaziyat tez o‘zgarayotganini aytgan, bunday zamonda "kuchli siyosat, birinchi o‘rinda kuchli ijtimoiy-iqtisodiy siyosat va albatta harbiy sohada kuchli siyosat" yuritish talab etiladi.

"Va‘dasini bajarishning uddasidan chiqa oladigan va bugungi hayot taqozo qilayotgan narsani amalga oshira oladigan kuchli insonlar kerak", deb aytgan Prezident Karimov.

O‘zbekiston prezidenti aytishicha, Rossiya jahonda butun dunyo hisoblashishi lozim bo‘lgan mavqe‘ni egallashi kerak va buni ayrimlar anglamayaptilar.

Prezident Islom Karimov 2008 yilda Vladimir Putinga uchinchi muddatga o‘z nomzodini ilgari surish taklifini ilgari surganida samimiy bo‘lganini aytgan. "Men sizning siymongizda pragmatik insonni, atrofida bo‘layotgan hodisalarga real qaraydigan, ulkan sabrga ega insonni ko‘raman", degan Prezident Karimov.

Shundan so‘ng O‘zbekiston rahbari mamlakat tabiiy resurslari o‘zbekistonliklar va kelajak avlodga yetarli bo‘lishi maqsadida siyosat yuritilayotgani haqida hikoya qilgan.

"O‘zbekiston postsovet hududida kichkina hudud(yoki mamlakatni) egallamaydi. Bugun O‘zbekistonning aholisi qariyb 30 millionga yetib qoldi. Men, biz tez sur‘atlarda o‘sayapmiz, demayman - biz aholimiz sonining oshishi, Rossiyadan farqli o‘laroq, 1,2-1,3 dan oshmasligi uchun hamma ishni qilayapmiz. Bizning ishonchimiz komilki, bizning ahvolimiz, mavjud istiqbollar va bizda bor imkoniyat, avvalambor, suv, hudud, haydalma yerlar aholimizni zarur barcha narsa bilan ta‘minlash uchun ishlatilmog‘i, va eng muhimi, bizning kelajak avlodimiz bizdan ko‘ra yaxshi yashashi, bizdan ko‘ra aqlli va baxtli bo‘lishlari uchun kerak".

"Shundan kelib chiqib, biz bu masalada targ‘ibot, tashviqot, tibbiyot orqali shunday sharoitni yaratishga harakat qilayapmizki, aholimiz sonining o‘sishi iqtisodiyot o‘sishi sur‘atiga mos bo‘lsin. Bizning bolalarimiz eng rivojlangan mamlakatlardagi bolalardan hech ham kam bo‘lmasin", deb aytgan Prezident Karimov.