BBC navigation

Moskvada o‘nlab o‘zbekistonliklar hibsga olinishgan

Сўнгги янгиланиш 16 май 2012 - 12:33 GMT

Rossiyadan olingan xabarlardan ayon bo‘lishicha, Moskva politsiyasi qalbaki hujjatlar tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan yigirmaga yaqin o‘zbekistonlikni qo‘lga olgan.

Politsiya mulozimlariga ko‘ra, ular uyushgan jinoiy guruh a‘zolari bo‘lishgan.

Tintuv jarayonida orgtexnika, o‘ttizga yaqin uyali telefon, 100 dan ortiq muhr va boshqa jihozlarni musodara etishgan.

Qo‘lga olinganlarning asosan xorijiy fuqarolarning Rossiyaga kelishi, kelgan joyida rasman ruxsatdan o‘tishiga oid qalbaki hujjatlar va ishlash ruxsatnomalarini tayyorlab, sotganliklari aytiladi.

Ayon bo‘lishicha, ular Rossiya poytaxtining qator metro bekatlarida faoliyat olib borishgan.

Muammo ko‘lami

Moskvada mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya etish bilan shug‘ullanuvchi faol Bahrom Hamroyevga ko‘ra, o‘zbekistonlik migrantlar, ayniqsa, yoshlarining bu ish bilan shug‘ullanishlari keng tarqalgan:

"Qalbaki hujjatlar qolib, Rossiya pasportlarini, hatto, O‘zbekiston fuqarolari bir-birlarining pasportlarini o‘g‘irlab, suratlarini almashtirib, boshqalarga sotishadi", deydi u.

Faol Rossiyada qalbaki hujjatlar tayyorlab, sotish juda oddiy bir jarayonga aylanib qolganini aytadi.

"Misol, o‘zining uyida orgtexnikalarni o‘rnatib, Rossiyaning muhrlari bor ularda, o‘sha yerdan migratsiya kartasidan boshlab, to Moskvaning xohlagan bir manzilida qayddan o‘tganlikka oid qalbaki hujjatlar qilib, muhrlab, sotaverishadi".

Bahrom Hamroyev bu ishning boshida aniq kim turgani ma‘lum emasa-da, o‘zining uzoq yillik kuzatuvlaridan kelib chiqib, mahalliy politsiya xodimlarining ular bilan birga ishlashlari aniq, deydi.

"Yosh o‘zbeklar kelib, ularning maslahatlari bilan orgtexnikalarni joylashtirib, bemalol faoliyat yuritaverishadi. Chunki, misol uchun, oddiy bir qayddan o‘tilishiga oid qalbaki hujjat 500 rubl turadi...".

Faolga ko‘ra, bundan rossiyalik migratsiya xodimlari ham foyda ko‘rishadi.

"Migratsiya xodimlari ham bilishadi. Qachonki, reydlar o‘tkazilsa, qalbaki hujjatlar uchun ulardan 500 yoki 1000 rubl olib, yana qo‘yib yuborishadi".

Uning aytishicha, Rossiyada qayddan o‘tish nihoyatda qiyin ekani bois, mehnat muhojirlari bu kabi noqonuniy yo‘llardan foydalanishga majbur bo‘lishadi va qalbaki hujjatlarni sotib olishni afzal bilishadi.

Oqibatlari

Faol Bahrom Hamroyev o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining qullik hollariga tushib qolishlariga sabab bo‘layotgan asosiy muammo aynan shu kabi holatlar bilan bog‘liq ekanini aytadi.

"Mehnat muhojirlari ham ishxonalarida huquqsiz bo‘lishadi, ham politsiya xodimlari oldida huquqsiz bo‘lishadi. Ish joylarida maoshlarining oz berilishi, majburan ishlatilishi, quldorlar qo‘liga tushib qolishining asl o‘zagi shu", deydi faol.

Bahrom Hamroyev Rossiyada qonuniy yo‘l bilan yashab, qonuniy yo‘l bilan ishlash nihoyatda qiyin ekanini aytadi.

Faol "bu kabi holatni Rossiyadagi politsiya xodimlari, korruptsion kuchlar yaratishdi", deydi.

"Qalbaki hujjatlar bo‘lgandan keyin, mehnat muhojirlari, albatta, korruptsion bir sistemaning qarmog‘iga tushishga majbur bo‘lishadi".

Agar rasmiy ma‘lumotlariga qaralsa, Rossiyaga yiliga 13-14 million xorijlik keladi.

Ulardan 80 foizga yaqinini MDH davlatlari fuqarolari tashkil etishadi.

O‘z ro‘zg‘orini tebratish uchun Rossiyada ter to‘kayotgan o‘zbekistonliklarning soni esa, bir necha million kishini tashkil etishi aytiladi.

O‘zbekistonning o‘zida ish joylarining kamligi, mavjud ish o‘rinlari uchun taklif qilinadigan aksar maoshlarning ham ozligi ko‘p odamlarni chet eldan daromad izlashga majbur qiladi.

Yaqinda Xorazmdagi "Najot" inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti pul topish maqsadida xorijiy mamlakatlarga yo‘l olayotgan o‘zbekistonliklarni firibgar vatandoshlaridan ehtiyot bo‘lishga chaqirgandi.


* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.