Hind shirkati O‘zbekiston hukumatini xalqaro arbitrajga bermoqchi

Image caption To‘ytepadaga korxonaning yopilishi natijasida 4 yarim ming o‘zbekistonlik ishsiz qolgan

Spentex Industries shirkati To‘ytepadagi korxonasi ko‘rgan zararlar uchun O‘zbekiston hukumatidan 93 million dollar undirmoqchi.

Shirkat voizi Mukund Chaudrining BBCga aytishicha, bu haqdagi da‘vo o‘tgan oy O‘zbekiston hukumatiga yo‘llangan.

"Umid qilamizki, O‘zbekiston hukumati bizga javob beradi, aks holda xalqaro arbitrajga murojat qilishdan boshqa ilojimiz qolmaydi", - deb aytdi janob Choudri BBC bilan suhbatda.

Markaziy Osiyodagi eng yirik to‘qimachilik korxonasi sifatida bilingan Spentex Toshkent Toytepa o‘tgan yili Toshkent shahar Xo‘jalik sudi tomonidan rasman kasod deb e‘lon qilingan.

Bunga korxonaning sarmoyaviy majburiyatlarini bajarmagani va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining past ekani asos qilib keltirilgan.

Spentex Toshkent Toytepa 2005 yilda kasodga uchragan boshqa bir xorijiy qo‘shma korxona o‘zbek-koreys Kabool-Uzbek Co Ltd shirkati o‘rnida tashkil topgan edi.

"O‘yin qoidasi"

"Spenteks" vakilining aytishicha, To‘ytepadagi korxonaning kasodga uchrashi natijasida to‘rt yarim ming mahalliy ishchilar ishlarini yo‘qotishgan.

Janob Chaudri korxona o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarolmaganini tan oladi.

Uning aytishicha, bunga o‘zbek hukumatining 2010 yilda "o‘yin qoidasi"ni o‘zgartirgani sabab bo‘lgan.

"O‘zbekiston hukumati bilan 2006 yilda imzolangan "Sarmoya bitimi"ga muvofiq, bizga eksport qilingan mahsulotlarimiz uchun 20 foizlik Qo‘shimcha Qiymat Solig‘i qaytarib berilardi. Ammo 2010 yilda hukumat buni bekor qildi. Shundan so‘ng sotgan mahsulotlarimiz xarajatlarni qoplamay qo‘ydi", - deydi hind shirkati vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumatning biznes vakillari bilan kelishmagan holda birdaniga tartibni o‘zgartirishi juda ko‘p korxonalarni qiyin ahvolga solib qo‘ygan.

"Ishlab chiqarayotgan mahsulotingiz bir kechada 20 foizga qimmatlaganidan keyin biznes qilishingiz qiyin bo‘lib qoladi", - deydi janob Chaudri.

Uning aytishicha, hukumat soliq imtiyozini olib qo‘yishi ortidan To‘ytepadagi korxonada tekshiruvlar boshlangan.

"Biz tekshiruvlardan shikoyat qilib, hind elchixonasi va Hindiston hukumatiga bir necha marta murojaat qildik, ammo o‘zbek hukumati hech qanday javob bermadi",-deydi shirkat vakili.

"Spenteks" O‘zbekiston hukumatini o‘z korxonasini bosib olishda ayblaydi.

"Korxonaning shu yo‘sinda kasodga uchratilishi asl maqsad uni bizning qo‘limizdan olib qo‘yish bo‘lganini ko‘rsatadi", - deydi Mukund Chaudri BBC bilan suhbatda.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati bilan imzolangan sarmoya bitimida hukumat o‘yin qoidasini o‘zgartirgani taqdirda shirkat xalqaro arbitrajga murojaat qilishi mumkinligi aniq-taniq aytilgan.

"Hukumat bizning da‘vomizni qondirmasa, biz uni xalqaro arbitrajga olib chiqamiz", - deydi janob Chaudri.

Spentex Industries O‘zbekiston hukumatini xalqaro arbitrajga berish bilan tahdid qilayotgan birinchi xorijiy shirkat emas.

O‘tgan yil martida Britaniyaning "Oxus Gold" shirkati o‘zbek hukumatiga qarshi xalqaro arbitraj da‘vosini boshlagan.

Shirkat Amantaytaudagi qo‘shma korxonasi ko‘rgan zararlar uchun O‘zbekiston hukumatidan 400 million dollar talab qilgan.

Xorijlik sarmoyadorlar hukumatning kafolatlariga qaramasdan O‘zbekistonda sarmoya uchun xavf hanuz katta ekanini aytishadi.

O‘tgan hafta hukumat asosan gaz va neft sohasidagi 500ga yaqin davlat korxonalarini sotuvga qo‘yishini e‘lon qilgan.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, O‘zbekistonga kiritilgan sarmoyalar hajmi o‘tgan yili qariyb ikki barobarga kamayib ketgan.