Qirg‘iziston: prokuror milliy nizo qo‘zg‘ashda ayblab rus jurnalistiga 8 yillik jazo so‘ragan

Image caption Jurnalist Farafonov o‘ziga nisbatan jinoyat ishini Qirg‘iziston "siyosiy piramidasining eng yuqorisidan kelib tushgan buyurtma", deb ataydi.

Bishkekda rus jurnalisti Vladimir Farafonov ustidan kechayotgan mahkamada davlat ayblovchisi millatlararo nizo qo‘zg‘ash, Qirg‘izistonni obro‘sizlantirishda aybdor deb topib, unga 8 yillik qamoq jazosini tayinlanishini so‘ragan.

Vladimir Farafonovning Qirg‘izistondagi prezidentlik saylovlari, bu mamlakatdagi kazachestvo va millatlararo nizolar mavzulariga bag‘ishlangan maqolalari Qirg‘iz jamoatchiligi tomonidan g‘azabnok qabul qilingan, o‘tgan yil oxirida jurnalistga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Jinoyat ishi bo‘yicha tergovni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi o‘tkazgan, tergov paytida Vladimir Farafonovning 16 ta maqolasi va kompyuteri ichidan olingan materiallar o‘rganilgan.

Maqolalar bo‘yicha Qirg‘iziston Milliy Fanlar Akademiyasidan ekspertiza olingan.

Shu yil fevralida dastlabki tergov yakuniga yetkazilgan va jurnalist ishi bo‘yicha mahkama mart oyida boshlangan.

Jurnalistga nisbatan asosan uch ayblov ilgari surilmoqda.

"Birinchisi, millatlaro nizo qo‘zg‘ash. Ikkinchisi, Qirg‘iz xalqining milliy qadrini haqoratlash va Qirg‘izistonning imidjini xalqaro hamjamiyat ko‘zi oldida yerga urish ayblovlari", deydi Vladimir Farafonov.

O‘ziga nisbatan jinoyat ishi tergovi yakunlanganidan keyin jurnalist Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyevga murojaat qilgan.

O‘z murojaatida Farafonov yozishicha, mamlakatda agressiv qirg‘iz millatchiligi xavfi mavjudligi haqida yozgani uchun uning og‘zini yopmoqchi bo‘layaptilar.

Mahkama paytida jurnalist maqolalari bo‘yicha munosabat bildirish uchun ekspert-politolog Kubatbek Sultanbekov chaqirilgan.

"U mening maqolalarimda faqat "maishiy millatchilik" unsurlarinigina ko‘rganligini, menga ayblov qilib qo‘yilayotgan davlat millatchiligini ko‘rmaganligini aytdi. Shuningdek, ekspert jurnalistni aybdor deb hisoblamayman, dedi", deydi BBC bilan suhbatda Vladimir Farafonov.

BBCning mahkama jarayonini siz Qirg‘iziston qonunchiligiga rioya etilishi nuqtai nazaridan qanday baholaysiz, degan savoliga jurnalist "buni menga nisbatan bosim bo‘layotgani yoki bo‘lmayotgani ma‘nosida javob berishim mumkin", deydi.

"Menga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosim bo‘lgani yo‘q. Lekin bu yerda bir qiziq jihati bor. Bu qonunchilikni Ovro‘pocha tushunish emas, sharqona talqin qilish bilan bog‘liq. Ya‘ni, sening yuzingga "yo‘q", deb aytishmaydi, lekin bilvosita yo‘q degan javobni olasan. Misol uchun mening advokatim kamida besh marta, inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari men uchun besh marta iltimos arizasini kiritishdi. Ammo bularning birortasiga ham javob berilgani yo‘q. Mana shu narsa sudning jinoiy ishga noxolis yondashayotganini ko‘rsatadi. Va bu ushbu buyurtma mamlakat siyosiy piramidasining eng yuqorisidan kelib tushganini anglatadi", deydi Vladimir Farafonov.

Jurnalist ustidan borayotgan mahkamada 24 maygacha tanaffus e‘lon qilingan.

Unda jurnalist advokati va uning jamoatchi himoyachisi chiqish qilishadi.

Shundan keyin mahkama qarori e‘lon qilinishi kutilmoqda.