O‘zbekistonning Xitoy gaz quvuriga ulanishi kechikmoqda

Image copyright AFP
Image caption O‘zbekiston shu yil boshidan Xitoyga gaz uzatishni boshlashi kutilgandi

"Uzbektransgaz" mulozimiga ko‘ra, O‘zbekiston hozirning o‘zida Xitoyga gaz eksportini boshlashga tayyor, ammo huquqiy masalalar tufayli Xitoy quvuriga qo‘shilish kechikmoqda.

Reyter xabar agentligi "Uzbektransgaz" rahbari To‘lagan Jo‘rayevning "biz xali gaz uzatishni boshlaganimiz yo‘q. Joriy yilda 2 milliard bilan 4 milliard kubometr o‘rtasida gaz uzatishni rejalaganmiz. Bizda gaz bor va hamma narsa tayyor. Ammo yechilishi kerak bo‘lgan ba‘zi huquqiy masalalar bor", degan so‘zlarini keltirgan.

Mulozim qanday masalalar ekaniga aniqlik kiritmagan.

Ikki ming kilometrga uzangan Xitoy-Markaziy Osiyo gaz quvuri 2009 yilda ishga tushirilgan.

Turkmanistondan O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali Xitoyning uyg‘urlar yashaydigan Shinjon mintaqasiga bog‘langan quvur quvvatini 2012 yilda 30 milliard kubometrga chiqarish rejalangandi.

Qozog‘iston mulozimlariga ko‘ra, Turkmaniston ayni quvur orqali joriy yilda Xitoyga 9 milliard kubometr gaz sotadi.

2015 yilda Turkmaniston Xitoyga sotiladigan gaz hajmini 15 milliard dollarga chiqarmoqchi.

Xitoy o‘zbek va qozoq gazlari qo‘shilib, Markaziy Osiyodan gaz eksportini 2015 yilga kelib, 60 milliard dollarga chiqarishni mo‘ljallagan.

Strategik quvur

Avvalroq O‘zbekiston 2013 yildan boshlab Xitoyga yiliga 10 milliard kubometr gaz eksport qilishni rejalayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.

Ammo "Uzbektransgaz" rahbari bu raqamni tasdiqlashdan bosh tortgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston o‘tgan yili 63 milliard kubometrdan ko‘proq gaz ishlab chiqargan.

Bu 2010 yildagidan qariyb to‘rt yarim foizga kam, deganidir.

Shu yil aprelida O‘zbekiston boshqa hamkorlari oldidagi majburiyatlarini ro‘kach qilib, Tojikistonga gaz uzatishni vaqtincha to‘xtatib qo‘ygan.

Strategik ahamiyatga molik Xitoy-Markaziy Osiyo gaz quvurida o‘z ulushiga ega bo‘lishga harakat qilayotgan O‘zbekiston tahlilchilarga ko‘ra, yildan-yilga oshayotgan eksportning bir qismini ichki iste‘mol hisobiga qoplamoqda.

O‘tgan qishda mamlakat aholisi surunkali gaz yetishmasligidan aziyat chekkan.

Hukumat gaz inqirozi mahalliy bizneslarga sezilarli ta‘sir ko‘rsatganini tan olgan va ta‘minotchilarning javobgarligini oshiruvchi qonun tashabbusi bilan chiqqan.

Ammo kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistondagi markazlashtirilgan ta‘minot bu kabi javobgarlikni amalda yo‘qqa chiqaradi.