"Britan Bosh vaziri O‘zbek va Turkman prezidentlari bilan uchrashmasin"

Image copyright uza
Image caption Human Rights Watch tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkmaniston dunyodagi eng zulmkor diktaturalardir

"Inson huquqlari poymol etilayotgan davlat rahbarlariga jo‘natilgan London Olimpiadasi taklifnomalari bekor qilinsin, degan chaqiriqlar yangramoqda" - yozadi Britaniyada chop etiladigan Guardian nashri.

Gazeta Eron prezidentining Londonga kelmasligi qarori haqida yozarkan, aslida Britaniya hukumatini xijolatga soladigan ko‘plab davlat rahbarlari tashrif buyurib qolishi ehtimoli haqida ta‘kidlaydi.

Ma‘lum bo‘lishicha, 2008 yilgi Pekin Olimpiadasiga 87 davlat rahbari borgan. Londonga kelish istagidagi davlat rahbarlari soni esa allaqachon 120 nafarga yetgan. Britaniya hukumati haligacha bu ro‘yxatdagi ismlarni oshkor etmadi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va yo Suriya prezidenti Bashar Asad allaqachon Ovro‘po Ittifoqi "qora ro‘yxatiga" tushgan va bu ikkovlon Britaniyaga kela olishmaydi.

"Biroq O‘zbekistonning zulmkor prezidenti Islom Karimov va yo Turkmaniston rahbari Gurbanguli Berdimuhammedov Pekin Olimpiadasiga borishgandi" - deb yozadi Guardian - "Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti esa bu ikki mamlakatni dunyodagi eng zolim diktaturalar qatoriga qo‘shadi".

"Human Rights Watch tashkilotiga ko‘ra, Islom Karimov va yo Gurbanguli Berdimuhammedov Londonga kelishsa, Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron ular bilan uchrashmasligi kerak" - deydi Guardian.

"Shu asno ularning mazkur tadbirda bo‘lishining qonuniyligi ham savol ostiga tushadi".

Inson huquqlari guruhlari Rossiya, Xitoy, Suriya, Saudiya Arabistoni va Bahrayn kabi mamlakatlar rahbarlari tashrifi ham inson huquqlari masalasini ko‘tarish uchun asos bo‘lishi kerak, deyishmoqda.

Ammo Britaniya rasmiylari London Olimpiadasini siyosiy tadbirga aylantirish niyatida emasliklarini aytishgan.

Hozircha, inson huquqlari poymol etilayotgan va yakkahokimlik hukmron davlat rahbarlarining qay biri London Olimpiadasiga keladi - aniq emas.