Muhammad Solih: "Bu kitoblarni tarafdorlarimiz nashr etishgan"

Tojikistonda aholi orasida Prezident Islom Karimovni tanqid qiluvchi maqolalar majmudan iborat "Iuda-2" va "Dyavol-2" nomli ikki kitob tarqalmoqda.

Ushbu kitoblarda janob Karimov haqida axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar va Vikiliksda nashr etilgan keskin tanqidiy maqolalar o‘rin olgan.

Aloqador mavzularO‘zbekiston, Tojikiston, Siyosat Ularda O‘zbekiston prezidenti o‘zbek va tojik millatlariga xiyonat qilishda ayblanadi.

Kitoblarda ularning noshiri va tiraji haqida hech qanday ma‘lumot berilmagan.

Ammo har ikkala kitob muqovasida: "Bu majmua "Erk" partiyasi a‘zolarining xalqaro axborot vositalarida chiqqan xabarlari asosida "O‘zbekiston Xalq Harakati" rahbari Muhammad Solih dasturi bilan chopga tayyorlangan," deb yozilgan.

"O‘zbekiston Xalq Harakati" raisi Muhammad Solih Bi-bi-si bilan suhbatda ushbu kitoblar nashriga uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi yo‘qligini aytdi.

"Bu kitoblar yaqinda chiqqan. Ammo ularni biz "Erk" nashriyotida bosganimiz yo‘q. Bunga o‘xshash "Xalq Nidosi" nomli kitob va hujjatli filьm o‘tgan yil oxirida chiqqandi. Bu kitoblarni tarafdorlarimiz nashr etishgan. Topshiriq masalasiga kelsak... Karimov rejimini fosh qiluvchi maqolalar va Karimov rejimiga qarshi targ‘ibot, haqqoniy faktlarga asoslangan holda, butun o‘lkalarda nashr etish topshirig‘i berilgani rost, " - dedi Muhammad Solih.

"Iuda-2" va "Dyavol-2" kitoblarida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ham tanqid ostiga olingan.

134 sahifalik "Dyavol-2" kitobiga kirish so‘zini yozgan muallif o‘zini "Eshoni Kaloni Turon" deb tanishtiradi.

U janob Karimov haqida jumladan shunday deb yozadi: "Siz tojik hamkasbingiz – mustaqil Tojikiston prezidentini tahqirlaysiz va uni "bu kolxozchi mening tanklarim ustida qudratga keldi," deysiz."

Kirish so‘zi muallifi shuningdek O‘zbekiston prezidentini 2005 yili Andijonda hamda 1991 yili va 1999 yili Toshkentda yuz bergan hodisalarda ayblaydi.

Kitobning ilk sahifasiga Islom Karimov surati qo‘yilgan va ostiga shunday so‘zlar bitilgan: "Sizning birodar Tojikistonga nisbatan tashqi siyosatingiz asosida bu mamlakat prezidenti va xalqiga g‘azab va hasad yotadi".

"Iyuda-2" kitobida esa asosan xorijiy ommaviy axborot vositalari va Vikiliks orqali nashr etilgan Islom Karimov va uning oilasiga bag‘ishlangan maqola va xabarlarga o‘rin berilgan.

Kuzatuvchilar ushbu kitoblarning Tojikistonda qay yo‘llar bilan tarqatilayotgani noma‘lum ekanini aytishadi.

Ba‘zilarga ko‘ra, kitoblar Dushanbe shahrining ba‘zi nuqtalarida aholiga bepul tarqatilmoqda.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi aftidan bu kitoblar haqida ma‘lumotga emas.

Bi-bi-si muxbirining "Dushanbe shahrida bunday kitoblarning tarqalayotganidan xabaringiz bormi?" degan savoliga vazirlik mas‘ullaridan biri kitolar nomi va ularning mualliflari haqida ma‘lumot berishni so‘ragan.