"Azimjon Asqarov jinoyat ishi qayta ko‘rib chiqilishi kerak"

Qirg‘izistondagi qator inson huquqlari tashkilotlari Azimjon Asqarovning yaqinlari ushbu ish bo‘yicha yangi dalil va guvohlar topilganligini aytib mamlakat oliy sudidan ishni qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqdalar.

Qirg‘izistondagi inson haqlari faollari huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Mahkumlar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Demokratiya jamg‘armasi hamda Azimjon Asqarov rafiqasi bayonot e‘lon qilganlar, bu bayonotda Azimjon Asqarov ishiga taalluqli yangi dalil va guvohliklar qo‘lga kiritilganini ma‘lum qilganlar.

Qirg‘izistondagi "Fuqarolar korruptsiyaga qarshi" nohukumat tashkiloti advokati Kayrat Zagibayev 2010 yil 12-13 iyun kunlari ro‘y bergan hodisalar bo‘yicha o‘z tekshiruvini o‘tkazgan va Azimjon Asqarov aybdor deb topilgan militsioner o‘ldirilgan paytda o‘z uyida bo‘lganini notarial idora tasdiqlagan guvohliklarni qo‘lga kiritgan.

160 tacha inson Azimjon Asqarovning militsioner o‘limiga aloqasi yo‘qligini tasdiqlovchi guvohlik berganlar.

O‘zi istiqomat qilgan Jalolobod viloyatining Bozorqo‘rg‘on tumanidagi "Vozdux" inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti rahbari Azimjon Asqarov 2010 yilning 13 iyun kuni hibsga olingan, bu paytda u O‘sh shahridan keyin Jalolobod viloyatida boshlanayotgan hujumlarni video, foto va audio hujjatlashtirish bilan band bo‘lgan.

Azimjon Asqarov va yana to‘qqiz kishi Bozorqo‘rg‘on tuman militsiyasi xodimini o‘ldirish va millatlararo nizo qo‘zg‘ash, Jalolobod viloyatida ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqarishda ayblanganlar.

Nafaqat Azimjon Asqarov, uning himoyachisi ham mahalliy huquq-tartibot organlari xodimlarining tahdidlariga duch keldilar, Azimjon Asqarovning dastlabki tergov va mahkama jarayoni paytida qiynoqlarga tutilgani, kaltaklangani haqida xabar tarqatgan uning advokatiga po‘pisalar bo‘ldi.

Ham viloyat mahkamasi va ham Qirg‘iziston Oliy mahkamasida ushbu jinoyat ishi ko‘rib chiqilganda ayblanayotganlarning qiynoqlarga tutilgani haqidagi ko‘rsatmalari inobatga olinmadi.

U ayblangan hodisa vaqtida u o‘z uyida bo‘lganligi haqida guvohlik beruvchilar mahkamaga taklif qilinmagan.

"Qoralovchi tomon esa militsiya xodimlarini guvohlikka chaqirib, ularning hammasi Asqarovning qotillikda qo‘li borligi haqida guvohlik berishgandi. Shuning uchun u adolatli mahkamadan mahrum etilgandi. Tergov boshida esa uni hatto o‘z huquqlarini himoya qilishdan ham mahrum qiligandi, uni boshqa ayblanuvchilar bilan birga tashqi dunyodan ixotalab olib, qiynoqqa tutishgan", dedi "Fuqarolar korruptsiyaga qarshi" markazi rahbari Tolekan Ismoilova.

Ismoilova xonimning aytishicha, jinoyat ishining qayta ko‘rib chiqilishini so‘rab murojaat qilgan faollar uchun mahkama jarayoni va qarorining xolis bo‘lishini ta‘minlovchi, Konstitutsiya tomonidan qayd qilingan protsessual jarayonlarni yo‘lga qo‘yish muhim.

"Mahkama jarayon qatnashchilarining hammasiga barobar qarashi kerak. Agarda bu narsalarga erisha olsak, bu inson huquqlarini ta‘minlash haqida gapirayotgan joriy Qirg‘iziston hukumati manfaatlari va huquq faollari manfaatiga mos bo‘ladi. Umumbashariy qadriyatlar tarafdori bo‘lgan hamma uchun muhim bo‘ladi. Azimjon Asqarovning ishida adolatga erishilsa, qonun ustuvorligi va adolatga erishmoqchi bo‘lgan boshqa ko‘plar uchun asos topiladi", deydi Tolekan Ismoilova.