"InterContinental" O‘zbekistonni tark etmoqda

Image copyright none

Toshshkentdagi eng hashamatli mehmonxonlardan "InterContinental" O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatayotganligini ma‘lum qildi. Bu borada "InterContinental" ning websahifasida bildirish berilgan.

Mehmonxona vebsahifasida paydo bo‘lgan ogohda "28 may kunidan boshlab ushbu mehmoxona "InterContinental" nomi ostida ish yuritmaydi", deya bitilgan.

O‘zbekistonda eng nomdor mehmonxonlardan birining O‘zbekistonni tark etishi sabablari websahifada keltirilmagan.

BBC "InterContinental"ning Britaniyadagi qarorgohi bilan bog‘langan vaqti qisqa bayonot taqdim etdilar.

Bayonotda aytilishicha, uzoq davom etib kelgan tortishuvlardan so‘ng "InterContinental Hotel Group" rahbariyatining "InterContinental Tashkent" bilan boshqaruv bitimi 2012 yil 27 may kuni qoq tunda to‘xtatilgan.

"Ana shu sanadan boshlab ushbu mehmonxona "InterContinental hotel" nomi ostida ish yuritmaydi. Bu kelishmovchilikni yechish uchun bizning qilgan harakatlarmizga qaramay, biz bu nom ostida ish yuritishni davom ettirishga qodir bo‘lmadik", deyiladi ushbu bayonotda.

"InterContinental" oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonni tark etayotgan yagona shirkat emas, shunday ekan xorijiy biznesning mamlakatda ishi yurishmasligiga sabablar qanday?

Mahalliy jurnallist Aleksey Volosevichning aytishicha, bu mehmonxona tushgan ahvol O‘zbekiston iqtisodida ro‘y berayotgan jarayonlarning ko‘zgudagi aksi.

Aleksey Volosevich: Shuni aytish mumkinki, "InterContinental" bilan bo‘layotgan vaziyat O‘zbekistondagi boshqa mehmonxonalar bilan bog‘liq vaziyatni ifodalaydi. 2005 yil Xonoboddagi AQSh harbiy bazasi yopilganidan so‘ng O‘zbekistonga kelayotgan xorijliklar soni, xususan, amerikalik va britaniyaliklarning soni keskin qisqarib ketdi. Ulardan taxminan 90 foizi mana shu "InterContinental" mehmonxonasidan foydalanardilar. 2007 yili "InterContinental" menedjmenti bergan raqamlarga muvofiq mehmonxona bandligi atigi 18 foizni tashkil qilgan ekan. Mehmonxona foyda keltirishi uchun kamida 39 foiz bandlik bo‘lishi kerak, deyiladi. Taxminan shu vaqtga kelib O‘zbekistondagi ko‘plab mehmonxonlarning xorijiy boshqaruvchilari mamlakatdan chiqib ketgandi. Yaqin-yaqinggacha faqatgina ikki mehmonxona, "InterContinental" va "Dedeman"da xorijiy boshqaruvchilar qolgandi. Undan avvalroq "Radisson" mehmonxonasining xorijiy boshqaruvchilari ham chiqib ketgandi. Bularning hammasi mehmonxonalar bandligi oxirgi yillarda juda kam bo‘lgani va umuman biznes sohasidagi vaziyatdan dalolat beradi. Ana shular asosida taxmin qilishimiz mumkinki, "InterContinental"ning O‘zbekistondan chiqib ketishiga sabab uning foyda keltirmay qolgani bo‘lishi mumkin.

BBC: "InterContinental" kabi yirik shirkat O‘zbekistonda ish boshlashdan avval faqatgina Amerika harbiy bazasiga umid qilib mehmonxona ochmagandir, ishbilarmonlar, sayyohlar oqimi o‘rganilib, bozor tadqiqotlari olib borilgandir. Demak bu sohadagi umidlar ro‘yobga chiqmabdimikan?...

Aleksey Volosevich: Albatta harbiy baza mehmoxona biznes yuritishining atigi bir tarkibiy qismi edi. Umuman olgandi oxirgi yillarda O‘zbekistondan xorijiy biznes ommaviy ravishda chiqib ketmoqda. Mana yaqinda hukumat qolgan-qutgan davlat korxonlarni ham sotib yubormoqchi ekanligi haqida xabarlar chiqdi. Bu byudjetda pul yo‘qligidan dalolat beradi. Rasmiylarning xorijiy biznesga yovvoyilardek tashlanishi ularni mamlakatdan qochirmoqda, natijada xorijiy sarmoyalar qisqargan. Mana yaqinda Statistika Qo‘mitasi raqamlarida o‘tgan yil birinchi choragi bilan solishtirganda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar miqdori 40 foizga tushganligini ko‘rsa bo‘lardi. Shuning uchun "InterContinental" bilan bo‘lgan holatni O‘zbekiston iqtisodining ko‘zgudagi aksi desak bo‘ladi, menimcha.

BBC: Lekin O‘zbekiston ramsiylari doimo xorijiy sarmoyalarni jalb qilishga ochiq ekanlari va sharoitlar yaratilgani haqidagi gapirib keladilar. So‘zdagi va amaldagi voqelik bir-biriga to‘g‘ri kelmas ekanda?

Aleksey Volosevich: Rasmiylar to‘tiqushga o‘xshab bir narsani takrorlayveradilar - mamlakatimiz buyuk, iqtisod jadal rivojlanmoqda, xorijiy sarmoyalarni olqishlaymiz, deb. Lekin mana "Oxus Gold" shirkatini oling, yoda "Zarafshan-Newmont", "Demir", "Turkuaz", yana ko‘plab shirkatlarni nomlash mumkin. "Turkuaz"ning biznes miqyosi "Zarafshan-Newmont" kabi yirik shirkatga qiyoslagudek darajada edi. Shuning uchun rasmiylar so‘zlari quruq gapdan boshqa narsa emas.

BBC: Ya‘ni siz ramsiylar aslida xorijiy sarmoyani jalb etishga samimiy ravishda intilmaydilar, deb o‘ylaysizmi?

Aleksey Volosevich: Ular o‘z cho‘ntaklarini to‘ldirish haqida o‘ylaydilar.

BBC: Mana bugundan boshlab "InterContinental" websahifasida bu mehmonxona bundan buyon bunday atalmaydi, degan yozuv turibdi. Siz u yerga borib ko‘ra oldingizmi, uning nomi bugundan boshlab qanday ekan?

Aleksey Volosevich: Men shaxsan borib ko‘ra olganim yo‘q, lekin bir tanishim borib ko‘rib, suratga olibdi. O‘sha rasmlardan birining tagiga "farqini toping" degan sharx yozibdi. Avval tushirilgan suratda mehmonxona tepasida lotin tilidagi "I" harfi bor ekan, bugun esa endi bu harf olib tashlangan. Tun davomida bu harfni olib tashlashibdi. Harfning o‘rnini obdon bo‘yab ham qo‘yishgan, huddi u yerda hech nima bo‘lmagandek.