Moskvadan Suriyaga bosim o‘tkazish so‘ralmoqda

Image caption Suriyadagi vaziyat hamon qaltisligicha qolmoqda

Dushanba kuni Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg Moskvaga tashrif buyurgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa, aholi yashaydigan joylarda og‘ir qurollardan foydalanmaslikni talab qilganidan so‘ng, BMT maxsus elchisi Kofi Annan Damashqqa safar qilishi aytilgan.

Janob Xeyg Rossiya hukumatidan Suriyaga ta‘sir o‘tkazish va BMT maxsus elchisi Kofi Annanning tinchlik rejasini bajarilishini talab qilishni so‘ragan.

Rossiya va Britaniya diplomatlari Kofi Annanning tinchlik rejasi Suriya inqirozida "umid" bo‘lganini aytishgan.

Uilyam Xeygga ko‘ra, Suriya masalasida Moskva va Britaniya qarashlari o‘zgacha bo‘lsada, Rossiya rasmiy Damashqqa bosim o‘tkaza oladi.

"Rossiyada Suriya hukumatiga ta‘sir o‘tkazishning yetarlicha turli yo‘llari mavjud",- deb aytgan janob Xeyg.

Britaniya Tashqi ishlar vazirining safari oldindan rejalashtirilgan bo‘lib, Suriyadagi qaltis vaziyat uni orqaga surgan.

O‘tgan haftada Hula shahrida kamida 108 kishi, jumladan 34 bola o‘ldirilgan.

G‘arb mamlakatlari Suriyaning Houla shahridagi qirg‘inni qoralab chiqishgan.

Hodisa yuzasidan dunyo bo‘ylab g‘azab ortarkan, Qo‘shma Shtatlar Prezident al-Assadning "qotillik asosidagi boshqaruvi"ga barham berishga chaqirgan.

Ovro‘po Ittifoqi, Arab Ligasi, Frantsiya, Britaniya va Olmoniya ham hodisadan dahshatga tushganlarini bayon qilishgan va Assad tuzumiga bosimlarni kuchaytirishga chaqirishgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa, aholi yashaydigan joylarda og‘ir qurollardan foydalanmaslikni talab qilgan.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeygning aytishicha, ular ittifoqchilar bilan bu amallarga xalqaro miqyosda "qattiq javob" berish masalasini maslahat qilishmoqda. Ayni paytda Xavfsizlik Kengashi favqulodda yig‘in o‘tkazishga chaqirilgan.

"Suriyadagi vaziyatning oldi olinmas ekan, katta miqyosdagi qon to‘kilishlar va fuqarolar urushiga aylanib ketish xavfi aynan mavjuddir", - deb aytgan janob Xeyg.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko‘ra, Suriya inqirozida "ikkala tomon" ham Hulada sodir etilgan ommaviy qotilliklarda ishtirok etishgan.

Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlar BMTning 280 kuzatuvchisi joylashtirilganligiga qaramasdan davom etmoqda.

Faollarga ko‘ra, yakshanba kuni Hama shahrida yana 30 kishi o‘ldirilgan.

BBC muxbirining Livandan turib xabar berishicha, Huladagi vaziyat o‘zgarmagan.

Yakshanba kuni minglab faollar Huladagi hodisalarga norozilik sifatida namoyishga chiqqanlar.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, tomonlar shuningdek, Yaqin Sharq va arab dunyosidagi vaziyat, Eron yadro loyihasi va Ovro‘poni raketadan himoya qilish tizimi haqida ham muzokara olib borishadi.