Putin portretiga tupurgani uchun 15 sutka qamalsin

Rossiya mahkamasi yakka piket chog‘ida mamlakat prezidenti Vladimir Putin portretiga tupurgani uchun mahalliy faol Dmitriy Karuyevni "mayda bezorilik"da aybdor, deb topgan.

"O‘zga Rossiya" muxolifat koalitsiyasi a‘zosining mahkama jarayonida bildirishicha, o‘z xatti-harakati bilan janob Putin olib borayotga siyosatdan o‘z noroziligini izhor etmoqchi bo‘lgan.

Mahkama esa, faolni "mayda bezorilik" uchun berilishi mumkin bo‘lgan eng qattiq jazo – 15 sutkaga hibs etishlariga buyruq bergan.

Hakamlar va politsiya xodimlariga ko‘ra, Karuyev Rossiya prezidenti portretiga tupurish bilan jamiyatga hurmatsizlik qilgan.

Faolni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab kelayotgan "Qilich va qalqon" inson haqlarini saqlash tashkiloti esa, allaqachon mahkama hukmi yuzasidan shikoyat arizasi bilan chiqqan.

Hammasi nimadan boshlandi?

Ayon bo‘lishicha, Moskvadagi "Millionlar marshi" ishtirokchilariga birdamliklarini izhor etib, Cheboksar shahridagi muxolifat faollari Vladimir Putinning qabulxonasi yonida yakka-yakka piketlar uyushtirishgan.

"So‘l jabha" a‘zolaridan biri esa, u yerga Vladimir Putinning oppoq tasmachalar bilan bezatilgan portretini keltirgan.

Garchi piketda ishtirok etmayotgan bo‘lsa-da, Karuyev portretni qo‘liga olib, unga qarab tupurgan.

Ushbu voqea aks etgan videotasvir esa, tergovchilarning qo‘liga tushgan.

Faollar qanday fikrda?

Rossiyalik inson huquqlari faollariga ko‘ra, o‘z amali bilan Dmitriy Karuyev jamiyatga hech qanday ziyon yetkazmagan.

Boshqa tomondan, uning o‘zi ham xuddi shunday fikrda.

Faolga ko‘ra, o‘z fikrini erkin ifodalash huquqidan foydalanib, shunchaki noroziligini izhor etgan, xolos.

Huquq himoyachilari, o‘z o‘rnida, Karuyevning to‘liq oqlanishiga erishmay qo‘ymasliklarini aytishmoqda.

"Agar Rossiya mahkamalarida bunga muvaffaq bo‘lolmasak, inson huquqlari bo‘yicha Ovro‘po mahkamasiga murojaat etishimizga to‘g‘ri keladi", deb aytgan rossiyalik huquq himoyachisi Aleksey Gluxov.