Tojikiston: Dushanbe yaqinida ikki holland sayyohi talab ketildi

Image copyright BBC World Service
Image caption Xorijiy sayyohlarni talab ketgan shaxslarni topishga shaxsan Ramazon Rahimovning o‘zi bosh-qosh bo‘lmoqda

Tojikiston Ichki ishlar vaziri Dushanbe-Xo‘jand yo‘lida ikki xorij fuqarosini talab ketgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha maxsus tergov guruhini ta‘sis etgan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot markazi tarqatgan xabarga ko‘ra, hodisa dushanba kuni Dushanbe-Xo‘jand yo‘lining 40-kilometrida joylashgan Hushyoriy qishlog‘i yaqinida yuz bergan.

Noma‘lum shaxslar "kuch ishlatish yo‘li bilan" Hollandiya fuqarolari Sh. Martin va uning yo‘ldoshidan 800 AQSh dollari, 120 somoniy, bir dona fotoapparat, bir "noutbuk", qo‘l telefoni va 5 dona bank kartlarini tortib olishgan.

Matbuot xizmatining ma‘lum qilishicha, Tojikiston Ichki ishlar vaziri general-leytenant Ramazon Rahimov ushbu hodisa omillarini aniqlash uchun izquvarlardan iborat maxsus guruhni ta‘sis etgan va qidiruv ishlarini o‘z nazoratiga olgan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi shuningdek hujumchi shaxslarni aniqlashda mamlakat fuqarolaridan ko‘mak berishni so‘ragan.

"Jinoyatchilarni aniqlash va tutishga yordam bergan fuqarolar Vazirlik rahbariyati tomonidan mukofotlanadi,” deya xabar tarqatgan Tojikiston Ichki ishlar vazirligi matbuot markazi.

Tojik rasmiylari xorijiy sayyohlarni mamlakatga jalb etishga harakat qilib kelishadi.

Hozirda xorijiy sayyohlarning talab ketilishi Tojikistonga safar qilmoqchi bo‘lganlarni to‘xtatib qolishi mumkinligidan xavotirlar yuzaga chiqqan.

O‘tgan oy Dushanbe shahrida noma‘lum shaxslar ovro‘polik bir sayyohning velosipedini o‘marib ketishgandi.