Prezident Karimov 2012 yil uchun paxta rejasini ma‘qulladi

Image caption Har yili yuz minglab o‘quvchi-talabalar paxta terishga majburlanadi

Xalqaro Bolalar mehnatiga qarshi kurash kunida Prezident Islom Karimov 2012 yilda kutilayotgan paxta hosiliga doir rasmiy mo‘ljal-rejani ma‘qullagan.

Unga muvofiq, joriy yilda mamlakatda 3.35 million tonna paxta xomashyosi yetishtiriladi.

SA-Newsning agentligining "Toshkent" radiosiga iqtibosan xabar berishicha, davlat bu yil dehqonlardan paxta hosilining 50 foizini sotib olishni rejalamoqda.

O‘zbekistonda 2011 yilda 3. yarim million tonna paxta hosili yetishtirilgan.

Paxtadan kelgan daromad 1 milliard 365 million dollarni tashkil etgan.

O‘zbek paxtasining asosiy xaridorlari MDH davlatlari hamda janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlaridir.

Bolalar mehnati

Prezident Karimovning kutilayotgan paxta hosiliga doir bu yilgi rasmiy bashorati 12 iyun - Xalqaro Bolalar mehnatiga qarshi kurash kuniga to‘g‘ri kelgan.

Faollarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati har yili 1 milliondan ortiq o‘quvchi, talaba, o‘qituvchi hamda davlat sektori ishchi-xizmatchilarini paxta terishga majburlaydi.

O‘tgan oy g‘arbdagi bir qator nohukumat tashkilotlari Ovro‘po Ittifoqini O‘zbekiston hukumatiga Xalqaro Mehnat Tashkiloti kuzatuvchilarini mamlakatga qo‘yish borasida bosim o‘tkazishga chaqirishgan.

Ittifoq tashqi siyosat mahkamasi rahbari Ketrin Eshton hamda Daniya tashqi ishlar vaziri nomiga yo‘llangan maktub O‘zbekiston paxta dalalarida majburiy bolalar mehnatiga barham berishga qaratilgan xalqaro sa‘y-harakatlarning bir qismidir.

O‘zbekiston hukumati mamlakatda majburiy bolalar mehnati mavjudligini inkor qilib keladi.

Londondagi "Sleyveri Interneyshnl" tashkilotidan Joanna Evort Jeymsning aytishicha, O‘zbekiston paxta dalalaridagi haqiqiy ahvolni o‘rganishning yagona yo‘li, bu - xalqaro kuzatuvchilarning monitoring olib borishiga ruxsat berishdir.

"Tashkilot O‘zbekistonda haqiqatda nimalar yuz berayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, muammoning tabiati va miqyosini baholaganidan keyin O‘zbekiston hukumatgai bu tajribaga barham berish yo‘lida nimalar qilish kerakligi yuzasidan tavsiyalarini bera oladi", - deydi bolalar mehnatiga qarshi kurashuvchi xalqaro tashkilot vakili.

"Adidas" doxil, dunyoning kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi qator yirik shirkatlari O‘zbekistondagi bolalarning majburiy mehnatiga qarshi kampaniyani qo‘llab-quvvatlashgan va o‘zbek paxtasini sotib olishdan voz kechganlar.

Ammo amalda bu boykot o‘zbek paxtasi savdosiga ta‘sir ko‘rsatgani sezilmaydi.