Qozog‘iston: Chegaradagi qotillikka oid tekshiruvlarni jamoatchilik qo‘mitasi nazorat qiladi

Qozog‘istondagi jamoatchilik vakillari "Arkankergen" chegara nuqtasida sodir etilgan qotillik yuzasidan tekshiruv ishlarini nazorat qiluvchi qo‘mita tuzishlari haqida e‘lon qilishgan.

Interfaks axborot agentligining "Aman-saulyq" jamg‘armasidan iqtibos keltirishicha: "Jamoatchilik vakillari chegara nuqtasidagi fojeali hodisa va yosh chegarachining hibsga olinishi bilan bog‘liq ko‘p savollar ochiq qolayotganiga ishonadilar".

Ma‘lum qilinishicha, tuzilajak qo‘mita 30 may kuni yuz bergan hodisa bo‘yicha ob‘ektiv tekshiruvlar o‘tkazilishini ta‘minlashni o‘z zimmasiga oladi.

Qo‘mitaga nohukumat va inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar rahbarlari hamda jamoatchilikning taniqli vakillari kiradi.

30 may kuni Xitoy bilan chegaradagi "Arqankergen" postida 15 kishi o‘ldirilgani xabar qilingan.

Hodisadan omon qolgan 19 yoshli harbiy askar Vladislav Chelax 14 chegarachi va bir o‘rmonchining o‘limida ayblanmoqda.

O‘tgan hafta Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Vladislav Chelax o‘z xizmatdoshlari va o‘rmonchini o‘ldirganini tan olganini e‘lon qilgandi.

Oddiy askar Chelaxning yaqinlari esa, u bunday narsaga iqror bo‘lmaganini da‘vo qilishadi.

Jinoyat aniq qanday va qaysi maqsadda amalga oshirilgani qorong‘u qolmoqda.