Afg‘oniston: Prokuratura General Do‘stumni tekshiradi

Image copyright Getty
Image caption Prezident Karzay so‘nggi saylovda General Do‘stumga tayanib, shu orqali O‘zbeklar ovoziga erishgan

Abdulrashid Do‘stumga qarshi ayblovlarni olib chiqqan Konlar vazirligiga ko‘ra, shimollik general gaz ishlab chiqarishgi to‘sqinlik qilmoqda, o‘zi noqonuniy pul o‘zlashtirishga intilayapti va loyihada ishlayotgan Xitoy muhandislariga tahdid qilgan.

Bu yerda gap Amudaryo bo‘yidagi Jouzjon va Saripul viloyatlaridagi neft-gaz konlari haqida ketmoqda.

Prokuratura tuzgan maxsus hay‘at, Amudaryo bo‘yidagi viloyatlarga borib vaziyatni yaqindan o‘rganmoqchi. Ular shuningdek, Konlar sanoati va Xitoy vakolatxonalarida ham bo‘lishadi.

Bu ayblovlar Afg‘onistonda bahslarni yuzaga keltirgan va mahalliy matbuotda "agar Do‘stum shu ishlarni qilgan bo‘lsa, bu - vatanga xiyonatga teng" qabilidagi fikrlar yangray boshlagan.

Biroq ayblarni rad etgan general ishlab chiqarishga aslo qarshi emasligini, balki mahalliy ishsiz odamlarni bu loyihalarga jalb etish istagi bo‘lganini ta‘kidlamoqda.

"Men shimol mintaqalarini nazorat qilgan paytlarim ham ishlab chiqarish to‘xtamagan" - deyiladi Abdulrashid Do‘stum bayonotida - "Ammo bosh istagim - bu konlarda mahalliy odamlar ishlashi kerak".

Aksar o‘zbeklar yashovchi Saripul va Jouzjon viloyatlari General Do‘stumning tayanch nuqtasidir. Biroq ko‘plab shimolliklar nazdida, pushtunlar yetakchiligidagi Afg‘oniston davlati hech vaqt shimolning rivojlanishiga jiddiy e‘tibor bermagan va bu an‘ana hamon davom etmoqda.

Ancha ovloq va qashshoq bu ikki viloyat gazga boy. Shu bois u yerda barpo etilajak sanoat avvalo, mahalliy odamlar uchunu ish imkonlari yaratishi kerak, degan qarashlar kuchli.

Sovet davrida gaz ishlab chiqarishni boshlagan Shibirg‘on gaz sanoati so‘nggi 20 yil ichida inqirozga yuz tutgan. U yerda ishlagan shimolliklar ishsiz qolganlar.

Hozir ushbu konlarni ishga tushirish va yangilarini topish uchun sarmoyadorlarni topish o‘ta muhim.

Prezident Karzay ayni voqealarda ishtiroki yo‘qligini qayd etgan.

"Do‘stumni vatan xoini deb ayblashga men haqli emasman" - deb ta‘kidlagan Prezident Karzay - "Agar tekshiruvlar nohaq, deb topsa, unda General Do‘stum, haq deb tan olsa, ushbu ayblovlarni olib chiqqan Konlar vazirligi jazo ko‘radi".

Tahlilchilarga ko‘ra, Tolibon bilan muroasaga borish masalasida hukumat va shimollik qudratli shaxslar o‘rtasida munosabatlar taranglashayotgani bo‘lishi mumkin.

Chunki pushtunlar yetakchiligidagi Afg‘on hukumati shimollik tojik va o‘zbek yetakchilari bilan isyonkorlar va hokimiyat taqsimoti masalasida har doim ham to‘la kelisha olmaydi.

Ammo ko‘pchilik hozirgi voqealarni milliy masalaga bog‘lamaydi. Chunki O‘zbek generaliga qarshi ayblarni olib chiqayotgan Konlar vaziri ham shimollik o‘zbeklardan.