Rossiya Suriyaga nisbatan bosimni kuchaytirishga chaqirilmoqda

Image copyright AFP
Image caption Rossiya Suriyaga nisbatan kuch ishlatishga qarshi qolmoqda

Rossiya Suriyaga munosabatini qat‘iylashtirishi borasida bosim ostida qolmoqda.

Bir necha davlatlar Suriyada fuqaro urushiga doir xavotir izhor etgan.

Amerika Davlat kotibasi Hillari Klinton Kremlni Suriyaga nisbatan mavqeisini konstruktiv bir shaklda o‘zgartirmasa butun Yaqin Sharqda o‘z obro‘sini yo‘qotishi bilan ogohlantirgan.

Fransa Kofi Annanning tinchlik rejasi BMT tomonidan kuchga kiritilishi lozim deb hisoblaydi.

Ammo Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva kuch ishlatishga rozi bo‘lmasligini urg‘ulagan.

Xitoy ham BMT Xavfsizlik kengashida Suriyaga nisbatan harbiy kuch ishlatish amalini qo‘llamasligi tayin.

Ayni paytda Xalqaro Amnistiya tashkiloti, Suriya hukumatini urush va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblagan.

Adog‘i ko‘rinmayotgan zo‘ravonlik

Image copyright na
Image caption Suriyada hukumatning zo‘ravonligi davom etayotir

Sergey Lavrov bugun Afg‘onistonda Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Heyg bilan uchrashishi kutilmoqda.

Chorshanba kuni Lavrov janoblari Tehronda muxbirlar bilan uchrashuvda Rossiya Liviyaga nisbatan kuch ishlatilganidan keyin u yerdagi vaziyatga ko‘z yumolmasligini urg‘ulagan.

NATO BMT qarorlarini pisand qilmadi deb aytgan u.

Lavrov janoblarining aytganlari Eron matbuoti tomonidan noto‘g‘ri tarjima qilingani Vashington va Moskva munosabatlariga rahna solish ehtimoli o‘rtaga chiqqan.

Sergey Lavrovning mintaqaga Amerika qurollari ta‘minoti mavjudligi haqidagi aytganlari, Tehron matbuotida "Amerika Suriya isyonkorlarini qurol bilan ta‘minlamoqda", deb berilgan.

Klinton xonim Moskvani Suriya hukumatiga harbiy hujumchi vertolyotlar jo‘natishda ayblab, Damashq bilan barcha "harbiy aloqalarni uzishga " chaqirgan.

Uning bu chiqishi Lavrov janoblari tomonidan g‘azab bilan qarshilangan.

"Biz Suriya bilan avval imzolangan qonuniy shartnomalarni bajarmoqdamiz, bu havo hujumidan himoyaga doir qurollar, tinch aholiga qarshi ishlatiladigan emas...Amerika esa bu kabi qurollarni mintaqaga muntazam yetkazib turadi", deb aytgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri.

Moskvani Suriya bilan harbiy aloqalarni uzishga chaqirar ekan, Klinton xonim so‘nggi yillar davomida Rossiya va Amerika munosabatlari anchayin konstruktiv bo‘lganini aytgan.

Ammo Klinton xonimga ko‘ra, Suriya borasida har ikki davlat turfa qarashlarga ega.

Muxolifatga ko‘ra, Chorshanba kuni Suriyada kechgan zo‘ravonlik kamida qirq insonning yostig‘ini quritgan.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Suriyada o‘tgan yil mart oyida boshlangan isyondan beri 10000 kishi qurbon bo‘lgan.