O‘zbekistonning uchoqsozlik sanoati nega barbod bo‘ldi?

Image caption TAPO Osiyo qit‘asidagi eng yirik uchoqsozlik zavodlaridan edi

Toshkentdagi Chkalov nomli aviasozlik ishlab chiqarish birlashmasi-TAPO 70 yildan so‘ng o‘z faoliyatini to‘xtatishini e‘lon qilgan.

Osiyo qit‘asida transport uchoqlarini ishlab chiqargan eng yirik korporatsiya bundan buyon xo‘jalik mollari hamda avtoulov ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashadi.

1941 yilda strategik ahamiyatga ega sanoatning jabha ortiga ko‘chirilishi asnosida Toshkentda ishga tushirilgan Chkalov zavodi 50 ming kishini ish bilan ta‘minlagan.

Mustaqillik yillarida zavod davlat nazorati ostida qoldi, uning 10 foiz hissasi ishchilarga sotildi.

1990-yillar o‘rtalaridan boshlangan Rossiya bilan hamkorlikda zavod faoliyatini jonlantirish urinishlari muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi.

2005 yilda Xitoy bilan 4ta Il-78 rusumli yonilg‘i quyuvchi uchoqlarni yetkazib berish haqidagi shartnomani imzolagan TAPO Rossiyaning Birlashgan uchoqsozlik korporatsiyasi tarkibiga kirishi kerak edi, ammo bu amalga oshgani yo‘q.

Xitoylik mijozlarning buyurtmalarini bajara olmagan zavod 2010 yilga kelib, tamoman kasodga uchradi.

Ishlab chiqarishning barbod bo‘lishiga mablag‘ yo‘qligi bilan birga zavod rahbariyati orasidagi korruptsiya ham sabab bo‘lgani aytiladi.

Zavod ishchilari oylab maoshlarning berilmaganidan shikoyat etib kelishgan.

Iqtisodiy sharhlovchi Anvar Husayinovga ko‘ra, Chkalov zavodining tugatilishi O‘zbekiston uchoqsozlik sanoatining tugashini anglatadi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi