Misrdagi parlament saylovlari natijalari noqonuniy deya e‘lon qilindi

Image copyright AP
Image caption Misrda prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi arafasida vaziyat yana taranglashdi.

Kelayotgan shanba yakshanba kunlariga rejalangan Misrdagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi o‘tgan yildan beri mamlakatda davom etib kelayotgan demokratik jarayonlarning nihoiy nuqtasi bo‘lishi kutilgandi.

Lekin Oliy Konstitutsion Mahkama tomonidan olingan ikki qaror bu jarayonni ostin-ustun qilib yuborgandek.

Parlament saylovlari noqonunuiy deya e‘lon qilingan ekan, joriy Parlament qabul qilgan qarorlar ham endi kuchsiz.

Shuning uchun sobiq prezident Hosni Muborak davrida Bosh vazir Bo‘lgan Ahmad Shafiq prezidentlik saylovlarida qatnasha oladi va tabiiyki, u bu qarorlarni xush qarshiladi.

Konstitutsion mahkama, kamsitish va ajratish haqidagi qarorni bekor qiluvchi tarixiy olamshumul qarorni qabul qildi, dedi u.

"Musulmon birodarlar" a‘zolari aksariyatni tashkil qilgan parlament sobiq rejim davrida hukumat tarkibida bo‘lganlar saylovlarda qatnasha olmaydi degan qarorni olgandi.

"Musulmon birodarlari"dan prezidentlikka nomzod Muhammad Morsi Konstitutsion mahkama qaroridan qoniqmagani, lekin hurmat qilishini aytdi.

"Biz o‘z yo‘limizni davom ettiramiz va qallobliklar ro‘y berayaptimi-yo‘qmi sinchikovlik bilan kuzatamiz. Agarda bundan hollar ro‘y bersa jinoyatchilarga qarshi yirik inqilob ro‘y beradi", dedi Muhammad Morsi.

Misrdagi qator faollar tashkilotlari yig‘ilib Oliy Mahkama qarorni muhokama qila boshlaganlar.

Oxirgi oylardagi siyosiy evrilishlar markazi bo‘lgan Qohirdagi "Tahrir" maydonida bir necha yuz kishi yig‘ilib, "Harbiy boshqaruv yo‘qolsin", degan shiorlarni ko‘tarib chiqdilar.

"Inqilob hech narsaga erishmadi. Manzara hozirda shundayki, Muborakning odami saylovlarda kuchli nomzod bo‘lib qolmoqda. Bu vaziyat Ruminiyadagi vaziyatni eslatadi. O‘shanda Prezident o‘ldirilgandi, lekin uning o‘rinbosari qudratni egallagandi", dedi "Tahrir"da yig‘ilganlardan biri.

Konstitutsion Mahkama raisi Muborak davrida tayinlangan shuning uchun tahlilchilarga ko‘ra, inqilobchilarning askarining unga ishonchi yo‘q.

Xalqaro munosabat

AQSh davlat kotibi Xillari Klinton Misrdagi qudrat to‘liq ravishda fuqaro boshqaruviga o‘tishiga da‘vat qilib chiqdi.

"Bu jarayonlar davrida AQSh Misr xalqining tinch, ishonchli va demokratik o‘zgarishlar umidlarini qo‘llab-quvvatlab keldi. Hozirda oxir-oqibat Misr xalqi o‘z kelajagini o‘zi belgilashi kerak. Kelayotgan shanba-yakshanba kungi saylovlar tinch, ozid va adolatli yo‘lda o‘tkazilishini kutamiz. Qurolli Kuchlar Oliy Kengashining Misr xalqiga bergan va‘dasiga muvofiq qudrat demokratik ravishda saylangan fuqaro hukumatiga to‘liq ravishda o‘tishiga umid qilamiz", dedi AQSh davlat kotibi.

Tahlilchilarga ko‘ra, prezidentlik saylovlarida ikki nomzoddan qay biri yutib chiqmasin o‘ta mushkul xavfsizlik, iqtisodiy va siyosiy vaziyat bilan yuzma-yuz bo‘ladi.

Hozirga qadar ham Prezidentning vakolatlari to‘liq ishlab chiqilmagan. Parlamentga yangi Konstitutsiyada bu vakolatlarni qayd qilish vazifasi yuklangandi, lekin endilikda Konstitutsion MAhkamaning qarori Parlament faoliyatini falajlagan ko‘rinadi.