Buxoro shahar hokimi korruptsiyaga bog‘liq jinoyatlarda ayblanmoqda

Image copyright BBC World Service
Image caption Buxorolik faollarga ko‘ra, Hayit Komilov koruptsiyaga bog‘liq jinoyatlarda ayblanmoqda

Mahalliy faollarga ko‘ra, Buxoro shahar hokimi Hayit Komilov shu oy boshida huquq-tartibot xodimlari tomonidan hibsga olingan.

O‘tgan yil bahorida Buxoroga hokim etib tayinlangan janob Komilov korruptsiyaga bog‘liq jinoyatlarda ayblanmoqda.

Buxorolik huquqbon Shuhrat G‘aniyevning shahar hokimiyatidagi o‘z manbasiga tayanib ma‘lum qilishicha, Hayit Komilovning hibsga olinishi uning shahar hokimi etib tayinlanguniga qadar olib borgan ish faoliyatiga bog‘liq.

"Hayit Komilov ilgari "Gazprom" sohasida ishlagan. O‘sha paytda korruptsiya ishlariga aralashgan ekan," - deydi Shuhrat G‘aniyev.

Hayit Komilovning hibsga olinishini Buxoro shahar Ichki ishlar idorasi navbatchisi tasdiqlagan esa-da, qo‘shimcha ma‘lumotga ega emasligini aytdi.

Buxoro shahar hokimi O‘zbekistonda oxirgi paytlarda hibsga olingan o‘rta va kichik darajadagi mansabdorlarning navbatdagisidir.

Oxirgi oylarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani hokimi, Toshkent viloyatida Qibray tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, Sirdaryo viloyatida Mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘ining jinoiy javobgarlikka tortilgani korruptsiyaga qarshi kurash butun O‘zbekiston bo‘ylab olib borilayotganini ko‘rsatadi.

Somalidan sal yaxshiroq...

Transparency International xalqaro nodavlat tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning eng korruptsiyalashgan mamlakatlaridan biridir.

Tashkilot o‘tgan yili O‘zbekistonni idoriy fasod eng kuchli bo‘lgan dunyoning besh davlatidan biri deb topgandi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda korruptsiya darajasi qo‘shni Turkmaniston bilan bir xil va Afg‘oniston, Birma, Shimoliy Koreya va Somalidan sal yaxshiroq.

Xalqaro tashkilot xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston juda korruptsiyalashgan mamlakat, ammo respublika rahbariyati bu illat oldini olish yohud unga qarshi kurashish uchun "hech narsa qilmayapti".

Amo O‘zbekiston hukumati keyingi 10 yil ichida korruptsiyaga qarshi jiddiy kurash olib borilayotganini aytadi.

Bu kurashning daslabki to‘lqiniga davlatga qarashli turli korxonalar rahbarlari duch kelgan bo‘lsa, keyin mahalliy darajadagi turli hokimiyat mulozimlari, so‘ng maorif va sog‘liqni saqlash sohasi vakillari uchradi.

Harbiy sohaga yaqin manbaga ko‘ra, 2006-2010 yillar orasida 200 nafardan ziyod yuqori lavozimli zobitlar aynan korruptsiyaga bog‘liq jinoyatlar uchun qamalgan.

"Prokuraturami poraxo‘ratura?"

O‘zbekistonning ichkarisidagi vaziyatni yaxshi biladiganlar korruptsiya mamlakat mustaqil bo‘lganidan keyin yanada avj olganini qayd etadilar.

O‘zbekiston teleradiokompaniyasining sobiq xodimasi Malohat Eshonqulovaning aytishicha, o‘zbekistonliklar hayotida poraxo‘rlik shunchalar avj olganki, "bir shaxs beshikdan qabrgacha pora berish va olishga majbur".

"Tug‘uruqxonada ko‘zi yorisayam pora, bog‘chaga bolangizni joylashtirish ham pora, bundayroq maktablarga bolalaringizni joylashtirish ham pora. Bir tanishim aytmoqchi, prokuratura emas poraxo‘ratura," - deydi Malohat Eshonqulova.

Mustaqil sharhlovchilarga ko‘ra, O‘zbekistondek avtoritar tuzumda korruptsiyani batamom tugatishning imkoni yo‘q.

"O‘zbekistonda korruptsiyani yo‘qotishning siyosiy mexanizmlari yo‘lga qo‘yilmaydi. Sababi, mana shu mexanizmlar rejimning tinkasini quritadi. Avtoritar rejimlar... korruptsiyani yo‘qotadigan mexanizmlardan haddan tashqari qo‘rqadi," - deydi tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.