Yunoniston 3 kun ichida yangi hukumat tuzishi kerak

Image copyright Getty
Image caption Yangi hukumat tuzish uchun Antonis Samarasga 3 kun muhlat berilgan

Yunonistonda o‘tgan parlament saylovlarida juda kam farq bilan g‘alaba qozongan partiya rahbari koalitsion hukumat tuzishga qaratilgan muzokaralarni boshlagan.

"Yangi demokratiya" rahbari Antonis Samaras bunga rasmiy vakolat olish uchun Prezident Karolos Papulias bilan uchrashgan.

Samaras janoblari Ovro‘po Ittifoqi va Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi bilan Yunonistonga moliyaviy yordam berishga oid kelishuv shartlariga o‘zgartirishlar kiritishi mumkinligini aytgan.

Saylovda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan SIRIZA partiyasi kelishuv shartlarini rad etgan va muxolifatni tuzishini ma‘lum qilgan.

"O‘zaro tushunish muhim"

Prezident bilan uchrasharkan janob Samaras: "Biz uchun mamlakat miqyosda bir-birimizni tushunishimiz o‘ta zarur", deb aytgan.

Prezident Papulias konstitutsiyaga binoan Antonis Samarasga hukumat tuzish uchun 3 kun muhlat bergan va bu ish imkon qadar tezroq amalga oshirilishi kerakligini ta‘kidlagan.

"Mamlakat boshqaruvsiz bir soat ham qola olmaydi", deb aytgan Papulias janoblari.

O‘z o‘rnida Antonis Samaras ham ushbu muddat ichida ishlaydigan koalitsion hukumatni tuza olishiga ishonch bildirgan.

"Eng yaxshi kafolat"

Janob Samaras Prezident bilan uchrashuvidan so‘ng, SIRIZA partiyasi rahbari Aleksis Tsipras bilan uchrashgan.

Aleksis Tsipras SIRIZA muxolifat sifatida qolishi va hukumatning hatti-harakatlarini muxolif tarafdan savol ostiga olishda davom etishini aytgan.

Unga ko‘ra, partiya "o‘zgacha kun tartibiga" ega.

Ammo, unga ko‘ra, SIRIZA "Yangi demokratiya"ning hukumat tuzish harakatlariga to‘siq bo‘lmaydi.

Tsiprasning qarshiligiga qaramay, Samaras janoblari: "Bizga imkon qadar ko‘proq sondagi partiyalardan tashkil topgan xaloskor hukumat kerak", deb aytgan.

Samaras janoblari PASOK sotsialistlar partiyasi rahbari bilan uchrashadi. Ushbu ikki partiya tuzilajak koalitsion hukumatda ko‘pchilikni tashkil etishlari mumkin, ammo BBCning Afinadagi muxbiri Mark Louenga ko‘ra, janob Samaras kengroq miqyosdagi barqarorroq va kattaroq qudratga ega bo‘lgan hukumat tuzish istagida.

Qariyb barcha ovozlar sanab bo‘linarkan, "Yangi demokratiya" partiyasi 29.7% (129 o‘rin), SIRIZA 26.9% (71 o‘rin) va PASOK 12.3% (33 o‘rin)ni qo‘lga kiritgani ma‘lum bo‘lgan.

Yunon parlamentida 300 o‘rin mavjud bo‘lib, mamlakat qonunlariga ko‘ra, yetakchi partiyaga 50ta qo‘shimcha joy beriladi.

Nima bo‘lmasin, aksar dunyo rahbarlari saylovlar natijalarini olqishlab chiqishgan.

Olmoniya rahbari Angela Merkel Samaras janoblariga qo‘ng‘iroq qilib, g‘alaba bilan tabriklagan. Qo‘shma Shtatlar esa, Yunonistonning "evro hududida qolishi barcha tomonlar manfaati"da ekanini aytgan.

Yevro hudud moliya vazirlari nomidan bayonot bergan Lyuksemburg Bosh vaziri Jan-Klod Janker Yunonistondagi islohotlar mavjud iqtisodiy va ijtimoiy mushkulotlarni yengishga eng yaxshi kafolat ekanini urg‘ulagan.