Turkiya Bosh vaziri Fathulloh xo‘jani vataniga qaytishga chaqirdi

Image caption Fathulloh Gulan dunyoda dinlararo muloqot tashviqotchisi sifatida tanilgan

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘an taniqli turk ulamosi Fathulloh Gulandan Turkiyaga qaytishni so‘ragan.

Turkiya Bosh vaziri chaqirig‘i o‘ninchi bor o‘tkazilgan "Turkcha Olimpiadalari" xalqaro festivalining yopilish marosimida yangragan.

Dunyoning 135 o‘lkasidan Turkiyaga kelgan o‘ng minglab turk tili muxlislari o‘ngida chiqish qilgan janob Erdo‘g‘an Fathulloh Gulanga ishora etib, shunday degan:

"Qardoshim, g‘urbat hasratdir. Hasratning badali og‘irdir. Biz hijratda bo‘lib, shu vatan tuproqlariga qaytish hasratida yashaganlarni oramizda ko‘rishni istaymiz."

Dinlar va tamaddunlar orasida o‘zaro tushunish va sabrlilikni targ‘ib etgan Fathulloh Gulan qariyb 13 yildan buyon Qo‘shma Shtatlarda istiqomat qiladi.

71 yoshli Fathulloh Gulan asos solgan Islomiy jamoat dunyoning o‘nlab mamlakatlarida o‘z o‘quv dargohlariga ega.

2000 yilda Fathulloh Gulan Qo‘shma Shtatlarga safar qilar ekan Turkiyada mahkama "noqonuniy tashkilot tuzish" ayblovi bilan unga qarshi jinoiy ishi ochdi.

Sakkiz yil davom etgan tekshiruv janob Gulanning to‘la oqlanishi bilan poyon topdi, biroq ulamo hozirga qadar Turkiyaga qaytgani yo‘q.

"Xo‘ja afandi"

Fathulloh Gulan 19-asr oxiridan 20-asr o‘rtalariga qadar yashab o‘tgan ulamo Badiuzzamon Said Nursiy yaratgan diniy ta‘limotni hayotga tatbiq etgan shaxs sifatida tanilgan.

Turk diniy jamoatlari orasida "Xo‘ja afandi" nomi bilan ma‘lum va mashhur bo‘lgan janob Gulan ilm, "Ahli Kitob" (yahudiylar va nasroniylar) bilan muloqotga va ko‘p partiyali demokratiyaga ishonishini aytadi.

Uning qalamiga mansub 60ga yaqin ijtimoiy, siyosiy va diniy mavzulardagi kitoblar o‘zbekcha doxil dunyoning o‘nlab tillariga tarjima qilingan.

Fathulloh Gulan jamoasi tarafdorlari asosiy maqsadlari "ummatga xizmat qilish" ekanini ta‘kidlashadi.

Dunyoviy turklarning o‘zlari uchun Gulan ta‘limoti zamonaviy emas, balki an‘anador, chunki u, misol uchun, ayollar hijob o‘rashini targ‘ib qiladi.

O‘z veb sahifasida janob Gulan Islom va demokratiya tushunchalari zinkor qarama-qarshi emasligini aytadi. Unga ko‘ra, dunyoviylik dinsizlikni anglatmaydi.

Gulanning ta‘limoti biznesga katta e‘tibor qaratadi. Turkiyada amal qiluvchi qator jamg‘armalar va uyushmalar Lotin Amerikasiyu Afrikadagi tadbirkorlar va turk ishbilarmonlari orasida savdo-sotiqni rivojlantirishni maqsad qilib olgan.

Jamoat dunyoning turli nuqtalarida bir mingdan ziyod litsey va kollejlariga ega bo‘lish bilan birga matbuot, nashriyot, moliya va sog‘liqni saqlash sohalarida ham juda faol ekani aytiladi.

Biroq tanqidchilarga ko‘ra, Fathulloh Gulen jamoatining siyosiy ta‘sir doirasi nafaqat Turkiyada, balki dunyoning boshqa mamlakatlarida ham tobora ortib bormoqda.

"Nurchilar"

Image caption 90-yillar boshida O‘zbekistonda qator turk litseylari ochilgan edi

O‘zbekistonda Fathulloh Gulan tarafdorlarini "Nurchilar" nomi bilan tanishadi.

Jamoat O‘zbekiston mustaqilligining ilk yillarida mamlakatning turli mintaqalarida 12ta litsey ochishga muvaffaq bo‘ldi.

Ushbu litseylarda ta‘lim darajasi boshqa o‘quv dargohlariga nisbatan ancha balandligi bilan ajralib turardi.

Ammo, 1999 yil fevralida Toshkentda yuz bergan portlashlar ortidan O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari o‘ta sovuqlashdi.

O‘zbekistondagi barcha kollejlar birin-ketin berkitildi.

O‘zbekistonda "Nurchilar" nomi bilan faoliyat yuritgan biror bir tashkilot kuzatilmagan esada, rasmiy Toshkent hozirda uni mamlakatda faol bo‘lgan ekstremist tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan.

So‘nggi paytlarda O‘zbekiston huquq-tartibot organlari bir paytlar turk litseylarida ta‘lim olgan ba‘zi yoshlarni "Nurchi"likda ayblab, jazoga tortmoqda.

Oxirgi besh ichida o‘nlab yosh yigitlar ushbu "ekstremist" tashkilotga a‘zolik va uning adabiyotlarini tarqatish ayblari bilan qamoq jazosiga hukm etildilar.

Yana yuzlab yoshlarning Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya kabi davlatlarga qochishgani aytiladi.

Ammo, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida Fathulloh Gulan jamoasiga qarashli maktab va litseylar hamon faoliyat yuritishmoqda.