Turkiya: Qamoqxonada chiqqan yong‘inda 13 kishi halok bo‘ldi

Image copyright AP
Image caption Shonli Urfadagi qamoqxonada 1,000 mahkum jazo muddattini o‘tamoqda

Turkiya janubi-sharqida joylashgan Shonli Urfa shahridagi qamoqxonaga o‘t ketgan.

Mahalliy matbuotda chiqqan xabarlarga ko‘ra, yong‘inga mahkumlarning ko‘rpa-to‘shak va choyshablarni yoqib yuborishlari sabab bo‘lgan.

O‘n uch inson tutundan bursiqib o‘lgan va yana 5 nafar mahkum shifoxonaga yotqizilgan.

Qamoqxona xodimlari yong‘inni qamoqxonaning boshqa binolariga yoyilishidan oldin o‘chirishga muvaffaq bo‘lganlar.

Ilgari surilayotgan farazga ko‘ra, qamoqxonada g‘alayon chiqarishni maqsad qilgan mahkumlar ko‘rpa-to‘shaklarga o‘t qo‘yganlar.

Biroq mahalliy mulozimlar ushbu farazni rad etganlar.

Viloyat hokimi Reyter agentligi bilan suhbatda mahkumlar o‘rtasida janjal chiqishi oqibatida qamoqxonaga o‘t qo‘yilganini aytgan.

Shonli Urfa qamoqxonasida hammasi bo‘lib bir mingga yaqin mahkum saqlanadi.

Ular orasida siyosiy mahkumlar ham bor.

Qamoqxonada shuningdek Turkiya parlamentining sobiq a‘zosi Ibrahim Ayxan ham jazo muddatini o‘tamoqda.

Ibrahim Ayxan Turkiyadagi kurdlar haq-huquqlari uchun kurashgan taniqli siyosatchilardan biri hisoblanadi.

Turkiya matbuotiga ko‘ra, yong‘inda unga ziyon yetmagan.